O‘zA O`zbek

05.07.2019 Chop etish versiyasi

Qurolli Kuchlar akademiyasi: Bir o‘rin uchun 8-9 ta nomzod to‘g‘ri keldi

Qurolli Kuchlar akademiyasi: Bir o‘rin uchun 8-9 ta nomzod to‘g‘ri keldi

Mamlakatimizdagi barcha oliy harbiy ta’lim muassasalari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida tahsil olishni istovchi nomzodlar uchun kirish test imtihonlari o‘tkazildi.

Test jarayonlari poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” va “O‘zko‘rgazmasavdo” milliy ko‘rgazmalar majmuidagi pavilonlarda, Jizzax olimpiya zaxiralari kollejida tashkil etildi. Unda Qurolli Kuchlar akademiyasi uchun 1 ming 655, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti uchun 1 501 va Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti uchun esa 500 nafar abiturient o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi. Imtihonlarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan belgilangan qoidalarga amal qilindi.

photo5258181272419806476.jpg

Jumladan, Qurolli Kuchlar akademiyasiga hujjat topshirgan nomzodlarning dastlabki harbiy-kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tganlari yakuniy test sinovlarida qatnashdi. Bir o‘rin uchun 8-9 ta nomzod to‘g‘ri kelayotgan bo‘lib, bu avvalgi yillarga nisabatan ancha ko‘pdir. Ular orasida umumta’lim maktab, kasb-hunar kollejlari, akademik litsey o‘quvchilari bilan birga hozirda shartnoma asosida xizmat qilayotgan, muddatli harbiy xizmatchilar ham bor.

– Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan, jangovar-xizmatda va ilmiy faoliyatda muayyan natijalarga erishgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga kirish imtiyozini beruvchi tavsiyanomalar berilgan, – deydi Mudofaa vazirligi kadrlar bosh boshqarmasi xodimi, mayor Ibrohim Hamdamov. – Ular uchun 5 foizli kvota doirasida tanlov o‘tkaziladi. Bu yoshlar bir-birlari bilan musobaqalashadi. Abiturient test sinovlarida qancha ko‘p ball to‘plasa, reytingda shuncha yuqori o‘rinni egallaydi. Harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun budjet o‘rinlari umumiy abiturientlar uchun ajratilgan kvotadan alohida ajratiladi.

photo5258449909739269223.jpg

Samarqand Temurbeklar maktabi bitiruvchisi Dilshod Abduvaliev ham Qurolli Kuchlar akademiyasiga kirishni o‘z oldiga maqsad qilgan yigitlardan.

– Test savollarini yechish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rdim, – deydi D.Abduvaliev. – Imtihon adolatli o‘tdi. O‘ylashimcha, yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘laman. So‘nggi sinovdan ham muvaffaqiyatli o‘tib, ofitser bo‘lish orzuimga erishaman. Kelajakdagi maqsadim harbiy sohada malakali mutaxassis bo‘lishdir.

Imtihon jarayonlarining shaffofligini ta’minlash uchun barcha binolarga maxsus xodimlar biriktirilib, nazorat kameralari o‘rnatilgan. Shuningdek, ota-onalarga farzandining test sinovlari topshirayotganini kuzatish uchun kutish joylarida monitorlar o‘rnatildi.

– Esimni tanibmanki, dadamni harbiy libosda ko‘rganman va bu sharafli kasbga mehrim tushgan, – deydi Samarqand shahridagi harbiy qismlardan birida xizmat qilayotgan oddiy askar Avazxon Tojiboev. – Muddatli harbiy xizmatdan so‘ng shartnoma asosida xizmatni davom ettirdim. Oliy harbiy ta’lim olish esa eng katta orzularimdan biri. Mana shu orzu bugun meni shu yerga yetaklab keldi.

Mudofaa vazirligi tomonidan vazirlikning oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni tanlash yagona tanlov asosida, ya’ni kirish test sinovlari natijalari bo‘yicha to‘plangan ballarga muvofiq amalga oshiriladi.

15 591
Abdulaziz MUSAEV, Temur MAMADAMINOV (surat), O‘zA