O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

Qurilish tashkilotining sovuqqonligi: fuqaroning na ijara puli to‘langan va na uy topshirilgan

Qurilish tashkilotining sovuqqonligi: fuqaroning na ijara puli to‘langan va na uy topshirilgan

Samarqand shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Samarqand shahrida yashovchi M.E. uch yildan buyon va’da qilingan uy-joyni ololmasdan sarson yurganligi yuzasidan murojaat qildi.

Fuqaroning murojaatida Samarqand shahar hokimining 2015 yil 22 iyundagi qaroriga asosan Samarqand shahar, Rudakiy ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro M.E. bilan “AZIMJON BARAKA QURULISH” MChJ o‘rtasida 2015 yil 23 martda ko‘p qavatli turar joyni qurish bo‘yicha shartnoma tuzilganligi qayd etilib, fuqaro M.E.ga tegishli buzilishga tushgan uy-joyga tovon tariqasida yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joyning 2 qavatidan bitta uch xonali uy-joy ajratilganligi aytiladi. Shartnomada ko‘p qavatli turar joy 2016 yilning birinchi choragida qurib bitkazilishi lozimligi ko‘rsatilgan.

Samarqand shahar hokimligining og‘zaki topshirig‘iga asosan “AZIMJON BARAKA QURULISH” MChJ ularga 2015 yil uchun ijarada yashashi hamda mol-mulklarini ko‘chirib ketishi uchun 1 600 AQSh dollari miqdorida pul to‘lagan.

Ammo 2016 yilning birinchi choragida turar joy qurib bitkazilmagan. Shundan so‘ng, “AZIMJON BARAKA QURULISH” MChJ rahbariyati va fuqaro M.E. o‘rtasida uy-joy bitkazilgunga qadar har oy 100 AQSh dollari miqdorida ijara haqi to‘lab borishga og‘zaki kelishuv bo‘lgan.

Biroq, 2016 yilning aprelidan 2019 yilning avgust oyiga qadar “AZIMJON BARAKA QURULISH” MChJ na ijara pulini tulagan, va na fuqaro M.E.ga belgilangan uyni topshirgan.
Samarqand shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati a’zosi bo‘lgan M.E.ning talabiga asosan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo ariza kiritildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining hal qiluv qaroriga ko‘ra, fuqaro M.E.ning foydasiga o‘tgan davr uchun 37.492.000 so‘m ijara haqi, 25.004.542 penya va 300.000 so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.

Qarordan taraflar qanoatlanmaganligi sabab Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat keltirishdi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining 2019 yil 29 oktabr kungi ajrimiga asosan javobgar “AZIMJON BARAKA QURULISH” MChJdan M.E. foydasiga 37.492.000 so‘m ijara haqi, 3.647.340 so‘m penya, 1.500.000 so‘m ma’naviy zarar, jami bo‘lib 42.639.340 so‘m undirish belgilandi.

Murojaatga oid hujjatlar bilan tanishar ekanmiz, qurilish tashkilotlari nega o‘z ishlariga bunchalik sovuqqonlik bilan qarashadi, nega ularning mas’uliyatsizligi sabab oddiy fuqarolar zarar ko‘rishlari kerak, degan savol paydo bo‘ldi.

Fuqaroni aldash kimga kerak bo‘lib qoldi? Bu savollarga kun kelib javob olarmiz. Lekin masalaning boshqa tomoni – haqiqat qaror topdi. Iste’molchining buzilgan huquqlari tiklandi.

Samarqand viloyat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi

442
O‘zA