O‘zA O`zbek

08.08.2019 17:24 Chop etish versiyasi

Qurbon hayitining maʼnaviy hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati beqiyos

Qurbon hayitining maʼnaviy hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati beqiyos

Xalqimizga xos mehr-oqibat, shukronalik va bagʻrikenglik eʼtiqodi ramzi – Qurbon hayiti har yili mamlakatimizda qutlugʻ bayram sifatida kutib olinadi.

Bu yilgi bayramga ham oʻzgacha shukuh, koʻtarinki kayfiyat bilan hozirlik koʻrilmoqda. Bunda Prezidentimizning “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori dasturilamal boʻlmoqda. Xudo xohlasa, xalqimiz 11-avgust kuni bayramni nihoyatda xursandchilik bilan oʻtkazadi.

Qurbon hayitining maʼnaviy hayotimizdagi oʻrni, mohiyati va ahamiyati, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrash va ulugʻlash, uni nishonlash borasidagi ishlar haqida Toshkent shahridagi “Imom at-Termiziy” jomeʼ masjidi imom-xatibi Isʼhoqxon BEGMATOV OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi.

– Alloh bandalarini sinash uchun turli ibodatlarni joriy qilgan. Masalan, namoz badan ibodati boʻlsa, roʻza inson ichki dunyosi, ruhi, maʼnaviyati, nafsini tarbiyalash ibodatidir. Haj ibodati insonning ham badanini, ham molini imtihondan oʻtkazadi. Qurbonlik qilish esa insonning moliyaviy ibodatidir. Moddiy tarafdan imkoniyati bor boʻlgan moʻmin-musulmon bir yilda bir marotaba qurbonlik qilishi uchun bu sinov joriy qilingan.

Qurbonlik qilinadigan hayvon nuqsonsiz boʻlishi kerak. Yaʼni, tanlangan hayvonning koʻzi koʻr, choʻloq, oʻta qari yoki kasal boʻlmasligi zarur. Jonliqning goʻshtini, diniy eʼtiqodidan qatʼiy nazar, barcha insonlarga, qoʻni-qoʻshnilarga, yoru birodarlarga tarqatish mumkin.

Qurbonlik baraka olib keladigan ibodat. U barcha moʻmin-musulmonga buyurilgan. Har oiladan bir kishi bitta jonliqni qurbon qilsa boʻldi, degan gap ham notoʻgʻri. Ahlimiz namozni, roʻzani oʻzi uchun tutganidek, moddiy imkoniyati bormi biror jonliqni qurbonlik qilishi kerak. Allohga shukrki, Oʻzbekistonda qurbonlik qiladigan va zakot beradiganlar soni ortib bormoqda. Shundan koʻrinadiki, xalqimizda iqtisodiy tomondan oʻsish bor.

Davlatimiz rahbari alohida qaror chiqarib, Qurbon hayitini bayram sifatida nishonlashni tavsiya etgani zamirida ham katta maʼno bor. Ushbu bayram kunlarida xalqimiz bir-birlariga mehr-muruvvat koʻrsatib, qavmu qarindoshlar bir-birlari bilan xabarlashib, yetim-yesirlarga, beva-bechoralarga xayru ehson qilishib, koʻngillarini ovlashlik kabi ishlar bilan mashgʻul boʻladi. Bu bayram qarindoshlik, qoʻni-qoʻshnilik, quda-andalik rishtalarini yanada mustahkam bogʻlashga xizmat qiladi. Shuning uchun ham muborak Qurbon hayitining maʼnaviy hayotimizdagi oʻrni, ahamiyati beqiyosdir.

Qurbon hayiti arafasida bir guruh yurtdoshlarimiz Haj safarini ado etmoqda. Ular ham ibodatlari vaqtida jonliq soʻyishi vojibdir. Ammo har bir hojining oʻzi borib jonliq soʻyishga imkoni yoʻq. Shuning uchun yurtdoshlarimiz roʻyxatga olinib, ismlari arab tiliga oʻgirilgan. Roʻyxati jonliqlarni qurbonlik qiladigan tashkilotlarga berilgan. Oʻsha tashkilotlar har bir yurtdoshimiz ismini oʻqib, ularning nomidan jonliq soʻyadi. Bu bilan bogʻliq xarajatlar hojilarimiz muborak safar uchun toʻlagan pulda inobatga olingan.

Haj haqida soʻz borganida davlatimiz rahbari tomonidan dinimiz arkonlarini ado etish uchun ulkan shart-sharoitlar yaratib berilayotgani va bu xalqimizga boʻlgan gʻamxoʻrlikning yorqin namunasi ekanini alohida eʼtirof etishimiz kerak.

Bir necha yildirki, Haj va Umra tadbirlarining tashkiliy ishlari Prezidentimizning tavsiyalari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish, oʻtkazish masalalari boʻyicha Jamoatchilik kengashi qaror va takliflari asosida yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

2016-yilda 5 ming nafar ziyoratchi Haj safariga borgan boʻlsa, 2017-yildan buyon ularning soni 2 ming nafarga koʻpayib, umumiy koʻrsatkich 7 mingga yetdi. Bu yil esa 7200 yurtdoshimiz Haj ibodatini ado etmoqda.

Oʻtgan yillardan farqli ravishda bu yil hojilarimiz safar oldidan Oʻzbekistonda boʻlib turgan paytlaridayoq oʻzlarini ham maʼnan, ham ruhan tayyorlab, ulugʻ safarga munosib boʻlish maqsadida ijtimoiy koʻmakka muhtoj shaxslar, kam taʼminlangan oilalar va aholi uchun xayriya yordami sifatida oʻz tashabbuslari bilan moddiy yordam koʻrsatdi.

Eng muhimi, hojilik maqomiga erishadigan inson dinu diyonatni yaxshi tushunadigan, mahalla-koʻyga yordam koʻrsatadigan, oilasi tinch, har tomonlama munosib shaxs boʻlishiga eʼtibor qaratildi.

Bu yilgi ziyoratchilarga yuqori darajada xizmat koʻrsatishni taʼminlash, Haj ibodati bilan bogʻliq amallarni tartibli ado etishni yoʻlga qoʻyish maqsadida guruh rahbarlari va ziyoratchilar uchun safaroldi oʻquvlari tashkil etildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Haj mavsumi uchun sarf-xarajatlar smetasi boʻyicha har bir ziyoratchidan olinadigan mablagʻ yana arzonlashtirildi.

Bugun xalqimiz bunday ezgu, xayrli ishlardan minnatdor. Qurbon hayiti bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda barchamiz elu yurt tinchligi, hayotimiz farovonligi yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarimiz rivojini soʻrab duolar qilmoqdamiz.

OʻzA muxbiri Xurshid QODIROV yozib oldi.
4 277