O‘zA O`zbek

20.08.2018 12:19 Chop etish versiyasi

Qurbon hayitini azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik kerak?

Qurbon hayitini azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik kerak?
Farg‘ona viloyatida ham Qurbon hayitini ko‘tarinki ruhda nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rildi. Shahar va tumanlarda tashkil etilayotgan tadbirlarda o‘zaro mehr-oqibat, xayr-saxovat hamda hamjihatlik fazilatlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15-avgustdagi “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi farmonini xalqimiz katta xursandchilik bilan kutib oldi.

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz-mustaqilligimizning 27 yilligi shodiyonalari bilan birga Qurbon hayiti nishonlanishida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Zero, aynan istiqlol xalqimizga muqaddas dinimiz arkonlarini emin-erkin ado etish imkonini berdi.

– Xalqimiz va dinimizning ulug‘ qadriyatlaridan biri bo‘lgan “Iyd al Azho”– Qurbon hayiti yaxshilik, poklik, shodu xurramlik ayyomidir, – deydi Farg‘ona shahar “Jo‘ydam” jome’ masjidi imom-xatibi Bahromjon Tursunov. – Hayitdan maqsad, ko‘ngillarga xushnudlik, nafslarga sevinch, jismga rohat bag‘ishlash, do‘stlar, yaqinlar o‘rtasida muhabbat, qarindoshlar o‘rtasidagi mehr rishtalarini yangilash, kishilarni bir-birlariga yordam va saxovat ko‘rsatishga chorlashdir. Bu kunlarni azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik kerak. O‘tganlarimizni eslash, ularni ruhlarini shod etib duoyi xayrlar qilishimiz yaxshi amal, lekin bular hayit bayrami shukuhiga ta’sir qilmasligi lozim.

Viloyatda bayram tadbirlarini tinch-osoyishta, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik hamda saxovatpeshalik fazilatlarini namoyon etgan holda o‘tkazish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi. Hayit namozi o‘qiladigan masjidlarda barcha sharoit va qulayliklar yaratildi. Qurbon hayiti bayrami oldidan viloyatning barcha hududida katta hajmda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ayniqsa, muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalarda ta’mirlash ishlari bajarildi. Mahallalar, ko‘chayu xiyobonlar yanada ko‘rkam qiyofa kasb etdi.

Qutlug‘ ayyom arafasida tabarruk otaxonu onaxonlarga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatilib, yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalar, nogironlar, holidan xabar olinmoqda. Viloyatda bugungi kunda 100 yoshdan oshgan 77 nafar nuroniy bor. Bayram kunlarida ularning xonadonlarida bo‘linib, e’zoz va e’tibor ko‘rsatiladi.

– Hayit bayrami arafasida bizni yo‘qlab kelganlardan juda ham minnatdormiz, – deydi Farg‘ona shahrilik 104 yoshli onaxon Habibaxon Alioxunova. –Biz qariyalarga katta e’tibor berayotgan, g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Yurtboshimiz sog‘ –omon bo‘lsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin.

M. Sulaymonov, O‘zA
2 120