O‘zA O`zbek

25.07.2020 Chop etish versiyasi

QURBON HAYITI: pandemiya sharoitida bayramni qanday nishonlaymiz?

QURBON HAYITI: pandemiya sharoitida bayramni qanday nishonlaymiz?


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida ushbu bayramni karantin talablariga rioya qilgan holda, xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda oʻtkazish borasida vazifalar belgilandi.

Bu yil Qurbon hayiti namozini jamoat boʻlib oʻqishning iloji yoʻqligi, nafl namozini oʻqish tartibi va boshqa vojib amallar haqida OʻzA muxbiriga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon ISHMATBEKOV soʻzlab berdi.

– Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mana shunday ayyom kunlariga yetkazgani uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz. Fazilatli kunlarda Allohdan xalqimizga tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka va katta tashvish boʻlib turgan koronavirus kasalligidan Oʻzi himoya qilishini tilab duolar qilamiz.

Maʼlumki, bugungi sinovli kunlarda xalqimiz bir tanu, bir jon boʻlib, dunyo xalqlari boshiga kelgan ushbu kasallikka sabr-matonat, hamjihatlik bilan kurashmoqda.

“Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorda belgilangan muhim vazifalar Qurbon hayitining yurtimizda karantin qoidalariga amal qilgan holda, koʻtarinki ruhda oʻtishiga asosiy omil boʻlmoqda.

Ushbu ayyom kunlarida bugungi sinovli davrni eʼtiborga olgan holda sabru qanoat, shukronalik, ruhiy poklanish, mehr va koʻmakka muhtojlarga yana-da eʼtiborli boʻlish, savobli amallar qilishdek olijanob fazilatlarni har qachongidan ham yaqqol namoyon etish zarur.

Sahobalardan biri mushkul ahvolga tushib qolganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan soʻradilar: “Ey Allohning Rasuli, najot nimada? Rasuli Akram alayhissalom «Tilingni tiy, uyingda qol va xatolaringga yigʻla”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Ulamolar “Musulmon, mohir, taqvodor tabibning xabari ila qilinadigan muolaja farzi ayn darajasigacha koʻtariladi”, deb taʼkidlagan. Fiqhiy qoida shuki, “Ayni paytda salomatlikka va kelajakda tinch-totuvlikka sabab boʻladigan narsaga amal qilish shariat va aql nuqtayi nazaridan vojib hisoblanadi”.

Kasallik qaysi yurtda keng tarqalsa, karantin talablariga amal qilish vojib. Bunday paytda chora-tadbirlarni belgilash soha mutaxassislari va shifokorlarga bogʻliq boʻlib, ular tomonidan chiqarilgan qonun-qoidalarga barcha aholi amal qilishi zarur.

Bu yil karantin tufayli yuzaga kelgan maʼlum qiyinchiliklarni toʻgʻri tushunib, bu masalaga oqilona yondashgan, ayni vaqtda sinovlarni sabr-matonat ila yengib oʻtayotgan yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorlik bildiramiz.

Maʼlumki, hozirgi kunda butun dunyo ahli kabi biz ham koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq mushkul vaziyatni boshimizdan oʻtkazmoqdamiz. Karami keng Alloh taolo Qurʼoni karimda insonlarni masʼuliyatli sinov kunlarida sabr va qanoatli boʻlishga daʼvat etib, “Albatta, qiyinchilik bilan birga yengillik ham bordir”, deb marhamat qiladi.

Shu maʼnoda, bugungi qiyinchiliklar albatta oʻtib ketadi, hali qancha xursandchilik kunlar, bayram va hayitlarni barchamiz birgalikda nishonlaymiz, deb ishonaman.

Domla aytingchi, Islom dinida Qurbon hayitini nishonlash boʻyicha qanday tavsiyalar kelgan, xalqimiz bu kunlarda qanday amallarni bajarganlari afzal?

Qurbon hayiti Zulhijja oyining 10-kuniga toʻgʻri kelishi eʼtiboridan ushbu oy va uning birinchi oʻn kunligi fazilati juda ulugʻ ekani moʻtabar manbalarda bayon etilgan.

Alloh taolo Qurʼoni karimning “Fajr” surasida: “Tongga qasam. (Zulhijja oyidagi avvalgi) oʻn kechaga qasam. Juft va toqqa qasam”, deb marhamat qilgan.

“Juftga qasam”dagi “juft”dan murod, zulhijja oyining oʻninchi kuni, “toq”dan murod esa toʻqqizinchi kunidir. Imom Nisoburiy aytadilar: “Alloh taoloning ushbu oʻn kechaga qasam ichishi, bu kunlarning nechogʻlik sharafli va ulugʻ kunlar ekaniga dalolat qiladi va unda dunyoviy va uhroviy manfaatlar borligini koʻrsatadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh uchun ibodat qilinishga zulhijjaning oʻn kunidan sevimliroq kunlar yoʻq. Uning har kunlik roʻzasi bir yillik roʻzaga, har tundagi ibodat Laylatul qadrdagi ibodatga tengdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining roʻzasi undan oldingi bir yil va undan keyingi bir yillik gunohlarga kafforat boʻlishini Allohdan umid qilaman”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Yana bir hadisi sharifda: “Alloh taoloning nazdida ushbu oʻn kunda qilingan solih amaldan koʻra mahbubroq va ulugʻroq kun yoʻq. Bu kunlarda tahlil, takbir va hamd sanoni koʻpaytiriinglar”, deb marhamat qilganlar.

Shuningdek, bu ayyomlarda imkoni yetganlar qurbonlik qilishlari eng afzal ibodatdir. Alloh taolo Qurbon hayiti kunida bizlarni hayit namozini oʻqishga, qurbi yetgan kishilarni esa qurbonlik qilishga buyurgan. Qurʼoni karimda bu haqda shunday bayon qilingan: “Bas, Rabbingiz uchun namoz oʻqing va (tuya) soʻyib qurbonlik qiling!” (Kavsar surasi, 2-oyat).

Hazrati Ali raziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: «Kim qurbonlikka jonliq olish uchun bozorga borsa, Alloh taolo har bir qadamiga oʻnta savob ato etadi va oʻnta gunohini kechiradi va martabasini oʻn daraja koʻtaradi. Jonliqni savdo qilayotganda aytgan soʻzlarini tasbeh oʻrnida qabul qiladi. U uchun bergan har bir dirhamiga yetti yuz dirhamning savobini beradi. Qurbonlikning har qatra qonidan oʻnta farishta yaratadi va ular qiyomatgacha uning uchun istigʻfor aytadilar. Qurbonlik goʻshtining har luqmasi uchun Ismoil alayhissalom farzandlaridan bir qulni ozod qilganlik savobini beradi».

Mazkur hadisi sharif qurbonlikning naqadar ulugʻ savobli amal ekanligidan dalolat beradi.

Qurbonlik diniy bir ibodat boʻlishi bilan birga uning axloqiy-ijtimoiy ahamiyati ham bisyordir. U ana shu xususiyati bilan islomdagi oʻzaro ijtimoiy yordamning goʻzal bir namunasi boʻlib xizmat qiladi. Chunki, Qurbonlik goʻshti uchga taqsimlanib, bir qismi – yaqin qarindoshlarga, yana bir qismi – kambagʻal va muhtojlarga tarqatish, qolganini – oila ahliga olib qolish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada koʻpchilik boʻlsa, uyda qoldirsa ham boʻladi.

Qurbon hayiti – xayr-ehson, saxovat, mehr-muruvvat bayrami. Unda qilinadigan qurbonliklar esa jamiyatda kishilar oʻrtasida tenglik, totuvlik kabi insoniy fazilatlar rivoj topishida xizmat qiluvchi vositadir. Chunki qurbonlik goʻshtidan va undan tayyorlangan taomlardan bir-birlarimizga ehson qilishimiz qalblarimizni yumshatib, odamlar orasida mehr-muhabbat rishtalarining yana-da mustahkamroq bogʻlanishiga xizmat qiladi.

Hayit kunlari xalqimiz karantin talablarini inobatga olgan holda telefon orqali qavmu qarindoshlar va yoru doʻstlar oʻzaro xabarlashishlari, masofadan turib muhtojlar holidan xabar olishlari hamda bir-birlarini xursand qilishlari fazilatli amaldir. Bu yilgi Qurbon hayiti kunlari karantin kunlariga toʻgʻri kelishi munosabati bilan, epidemiologik holatni inobatga olgan holda ushbu qoidalarga qatʼiy ravishda rioya qilish muhim hisoblanadi. Bu xususda Oʻzbekiston musulmonlar idorasi Ulamolar Kengashining Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisidagi bayonoti ham eʼlon qilindi.

Maʼlumki, butun dunyo boʻylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus kasalligi avj olmoqda. Hozir insoniyat ogʻir sinovli davrni boshidan kechirmoqda. Mamlakatimizda aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar koʻrilmoqda. Lekin butun jahonda boʻlgani kabi yurtimizda ham pandemiya bilan bogʻliq vaziyat keskinligicha qolmoqda.
Baʼzi musulmon va qoʻshni davlatlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bogʻliq holat keskinligi sababli ulamolar tomonidan Qurbon hayiti namozini jamoat boʻlib oʻqishning iloji yoʻqligi haqida fatvolar eʼlon qilindi.

Islom dini manbalarida Qurbon hayiti namozi vojib amal ekani bayon etilgan. Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan juma namozi vojib boʻlgan kishilarga hayit namozi vojib ekani naql qilingan. Juma namozi Qurʼon, sunnat, ijmo kabi qatʼiy dalillar bilan sobit boʻlgan farz amaldir. Modomiki muayyan uzrlar bilan farz boʻlgan juma namozini vaqtincha toʻxtatib turish toʻgʻrisida ulamolar fatvosi qabul qilingan ekan, vojib amal boʻlgan hayit namozini oʻqimaslik ham oʻz-oʻzidan maʼlum boʻladi. Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020-yilgi Qurbon hayiti (Iydul adho) namozini pandemiya davrida jamoat boʻlib oʻqish imkoniyati mavjud emasligi, moʻmin-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.

Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha fatvosida qayd etilganidek, epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holdagi xulosalari ayni Qurbon hayiti namoziga ham tegishlidir.

Bunday vaziyatda oyat, hadis va sharʼiy qoidalarda koʻrsatilgan tavsiyalarga amal qilishga buyuriladi. Shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Iyd namozi vojib amal boʻlgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozini ado etish soqit boʻladi.

Mavjud vaziyat taqozosidan kelib chiqib, Qurbon hayiti namozi ado qilinmasa ham bayram kayfiyatini saqlab qolish uchun Hanafiy mazhabining moʻtabar fiqhiy manbalaridan biri boʻlmish “Majmaʼul anhur” kitobida shunday deyiladi: “Maʼlum boʻlsinki, hayit namozi Zuho (choshgoh) namozining oʻrniga qoʻyilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli oʻqilmay qolsa, ikki yoki toʻrt rakat nafl namoz oʻqish mustahab boʻladi. Toʻrt rakat oʻqigan afzal”. Shunday ekan, Qurbon hayiti kunlarida savob ishlarni koʻpaytirish, takbiri tashriq aytish, nafl ibodat qilish, poklanish, chiroyli kiyimlar kiyish, xushboʻylanish, qurbonlik qilish, yaqinlariga hadyalar ulashish ayni savobli ishlardan boʻladi.

Alloh taolo yurtimiz ahlini Zulhijja oyining 10 kunligini va Qurbon haytini Oʻziga goʻzal ibodatda oʻtkazishlikni, keyingi yil Ramazon va Qurbon hayiti bayramlarini barcha moʻmin-musulmonlar tan sihatlikda, vabolar daf boʻlgan holda kengchilikda nishonlashni nasib etsin!


17 998
Xurshid Qodirov, OʻzA