O‘zA O`zbek

09.08.2019 Chop etish versiyasi

Qurbon hayiti munosib nishonlanadi

Qurbon hayiti munosib nishonlanadi

Mamlakatimizda fuqarolarning emin-erkin ibodat qilishlari, musulmonlarning oʻz zimmalaridagi diniy arkonlarni bekamu koʻst ado etishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.

Tinch-osoyishta mamlakatimizda hayit namozlari, muborak haj ziyoratini ado etishda katta qulayliklar yaratib berilayotganidan barcha yurtdoshlarimiz mamnun.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 2-avgustdagi “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida mamlakatimizda Qurbon hayitini munosib nishonlash, bayramni tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlariga mos ravishda oʻtishini taʼminlash uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilangan. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash uchun Andijon viloyatida ham zarur barcha ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayni kunlarda viloyatning har bir mahallasi, koʻchasida tozalik, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda, imkoniyati cheklangan, beva-bechoralarga xayru saxovatlar koʻrsatilayotir.

Viloyatdagi hayit namozlari oʻqiladigan masjidlarda bayramga puxta hozirlik koʻrilmoqda. Muborak bayram kunida xalqimiz, fuqarolarimiz qalbiga bayram shukuhini singdirish, zimmalaridagi diniy amallarni ado etishlari uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlarni tushuntirish maqsadida diniy idoralar, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, Yoshlar ittifoqi, Maʼnaviyat-targʻibot markazi, ichki ishlar boʻlimlari, jamoatchilik vakillari hamkorligida mahallalarda, masjidlarda keng koʻlamli targʻibot ishlari olib borilmoqda

– Qurbon hayiti namozi viloyatdagi 171 ta jomeʼ masjid hamda “Sayid Muhyiddin mahdum” oʻrta maxsus islom bilim yurtida oʻqiladi, – deydi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi oʻrinbosari Xayrullo Sulaymonov. – Hayit namozlari oʻqiladigan masjidlar taxt holatga keltirilib, namozxonlar uchun zarur shart-sharoit va qulayliklar yaratildi.

Hayit namozi oʻqiladigan masjidlarda tozalik, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida ichki ishlar, yongʻin xavfsizligi, sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi xodimlari bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlar koʻrildi. Bu boradagi aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.

Bundan tashqari, aholiga bayramona va koʻtarinki kayfiyat ulashish maqsadida masjidlarga kishi ruhiyatini koʻtaruvchi shior va pannolar oʻrnatildi.

4 921
Faxriddin UBAYDULLAYEV, OʻzA