Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.08.2018 19:24 Chop etish versiyasi

Qulay investitsiyaviy muhit – taraqqiyot omili

Qulay investitsiyaviy muhit – taraqqiyot omili Investor davlat organi yoki mansabdor shaxsning ma’muriy hujjatiga ishonib, o‘z mablag‘ini biror faoliyat turiga yo‘naltiradi. Biroq, amaliyotda qonun hujjatlaridagi ayrim bo‘shliqlar tufayli bir qator muammolar ham yuzaga kelishi mumkin.

Ba’zan ma’muriy hujjatlarning ayrim sabablarga ko‘ra yuqori turuvchi yoki shu hujjatni qabul qilgan organning o‘zi tomonidan bekor qilinishi, sud qaroriga ko‘ra haqiqiy emas, deb topilishi kabi holatlar ham kuzatiladi. Bunday hollarda bekor qilingan ma’muriy hujjatga ishonib o‘z faoliyatini boshlagan tadbirkor yoki investor, tabiiyki, zarar ko‘radi.

Prezidentimizning 2018 yil 1 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni shu kabi qonun buzilishlarini bartaraf etish va mulk daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Xususan, hujjatda birinchi marta “Ishonchni himoya qilish prinsipi” tushunchasi qo‘llanildi. Unga ko‘ra, davlat organining ma’muriy hujjati haqiqiy emas, deb topilsa yoki bekor qilinsa, investor va tadbirkorga yetkazilgan mulkiy zararning o‘rni qoplab beriladi.

Investor va tadbirkorning qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki unga o‘zgartirish kiritish faqat sud tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Ilgari tuman hokimi o‘zi chiqargan qarorga o‘zi o‘zgartirish kiritish huquqiga ega edi. Endilikda investor va tadbirkorlar sudda o‘z manfaatlarini tomonlarning tengligi prinsipi asosida himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, hujjatda vakolatlar markazdan hududlarga olib berildi. Avval investitsion shartnomalar faqat hukumat darajasida tasdiqlanar edi. Endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga xorijiy investorlar bilan 10 million AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan ekvivalentda investitsiya shartnomalarini mustaqil tuzish huquqi berildi.

Joriy tartibga asosan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish muddati uch yildan o‘n yilgacha etib belgilangan. Shu bilan birga, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga yer uchastkasini ijaraga berish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshirilgan. Endi esa tuman hokimlari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasini chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga 50 yilgacha muddatga ijaraga berish haqida qaror qabul qilish huquqiga ega bo‘ldi.

Yana bir ahamiyatli jihati, mehmonxonalar, savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, madaniy-ko‘ngilochar majmualar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, yo‘l infratuzilmasi va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini qurish uchun yer uchastkasiga doimiy egalik qilish huquqini auksion orqali sotish amaliyoti joriy etildi.

Yer uchastkasini ijaraga berish tartibining yerdan doimiy foydalanish huquqidan afzal tomoni shundaki, investorga yer uchastkasi doimiy foydalanish uchun kerak bo‘lmasligi mumkin. Shunday hollarda u ijara muddati tugashi bilan kiritgan mol-mulkini o‘zi bilan olib chiqib ketish huquqiga ega bo‘ladi.

Farmon bilan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ustav fondidagi xorijiy investitsiyalar ulushining eng kam miqdori 30 foizdan 15 foizgacha, ya’ni 600 million so‘mdan 400 million so‘mgacha kamaytirildi, korxona ishtirokchisi sifatida xorijiy jismoniy shaxs ham qatnashishiga imkon yaratildi.

Ayniqsa, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji miqdori uch barobar qisqartirildi. Aksiyadorlik jamiyatlari ustav fondining eng kam miqdori esa 400 million so‘m etib belgilandi.

Yana bir muhim yangilik, farmon bilan fermerlarga o‘z mahsuloti uchun mustaqil narx belgilashiga ruxsat berildi. Ilgari eksport shartnomalarini “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati tomonidan e’lon qilingan narxlardan past bo‘lmagan qiymatlarda tuzishi lozim edi. Endilikda e’lon qilingan narxlardan ham past bo‘lishi mumkin.

Joriy amaliyot bo‘yicha tadbirkorlik subyektlarining hisobraqamiga valyuta tushumlari shartnomada ko‘rsatilgan muddatdan 180 kundan ortiq kechiktirilmasligi, aks holda, ularga nisbatan kechiktirilgan valyuta summasining 100 foizi miqdorigacha jarima solish ko‘zda tutilgan edi. Farmonga muvofiq, bu tartib bekor qilindi.

Shuningdek, mamlakatimizga investitsiya kiritgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ko‘p martalik uch yillik viza olish imkoniyati yaratildi. Buning uchun investor xo‘jalik jamiyatlarining aksiya va ulushlarini sotib olish sharti bilan eng kam oylik ish haqining 8 ming 500 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda yoki xorijiy korxona tashkil etish shaklida investitsiya kiritishi lozim.

Muxtasar aytganda, ushbu hujjat qabul qilinishi mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda yurtimizga xorijiy sarmoyalar jadal kirib kelishiga xizmat qiladi.

Sherzod Bahronov,
Navoiy viloyati
Adliya boshqarmasi boshlig‘i.

O‘zA
2 321