Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.01.2018 16:49 Chop etish versiyasi

Quddus shahrining maqomi atrofidagi bahslar

Quddus shahrining maqomi atrofidagi bahslar Quddus shahri musulmonlar, yahudiylar va nasroniylar uchun ham birdek muqaddas va qadrlidir. Uzoq tarix davomida bu shahar goh u, goh bu tomonning tasarrufida bo‘lgan. Shu bois Quddus shahrining maqomi hozirgi kungacha bahsli bo‘lib keladi.

Bu hududda tashkil topgan Isroil va Falastin davlatlari o‘rtasidagi mojaro barchaga ma’lum. Ularning har ikkalasi Quddus shahrini o‘z poytaxti deya da’vo qiladi. BMT Bosh Assambleyasining 1947-yil noyabr oyidagi 181-rezolutsiyasiga ko‘ra, Quddus shahri xalqaro nazoratda bo‘lishi kerak. Shu paytgacha biror mamlakat Quddusda elchixona ochgani yo‘q.

Hammasi shunday davom etib kelayotgan edi. Lekin yaqinda AQSh Prezidenti Donald Tramp «Quddusni Isroil poytaxti deb rasman tan oladigan vaqt yetib keldi», deya bayonot berdi. U AQShning elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rishga farmoyish berganini ma’lum qildi.

BMT Bosh Assambleyasi AQShning bu qarorini tan olmaslik to‘g‘risida rezolutsiya qabul qildi. Hujjat 128 mamlakat tomonidan ma’qullandi, 9 davlat qarshi ovoz bergan, 35 davlat betaraf qoldi.

Jahon jamoatchiligi, jumladan, arab davlatlari yetakchilari Donald Trampning bu qarorini keskin tanqid qilib chiqdi. Quddus maqomi Isroil va Falastin o‘rtasidagi muloqot doirasida hal etilishi kerakligi ta’kidlandi.

Isroil Quddusni o‘zining yagona va bo‘linmas poytaxti deb biladi. BMT shaharning sharqiy qismi qonunga zid ravishda bosib olinganini ta’kidlaydi.

Shu bois AQSh elchixonasining Quddusga ko‘chib o‘tishi va bu shaharni Isroil poytaxti deya tan olinishi xalqaro konsensusga mos kelmaydi. G‘arb mamlakatlarining ko‘pchiligi Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olmaydi. Falastinliklar eski shaharni o‘z ichiga olgan Sharqiy Quddus o‘zlarining poytaxti deya e’lon qilinishini da’vo qilib keladi.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Quddusga eramizdan avvalgi 4 ming yillikda odamlar kelib joylashgan. Ushbu shahar asrlar davomida turli imperiyalar hukmronligi ostida bo‘lgan.

Birinchi jahon urushidan so‘ng Buyuk Britaniya Quddus shahrini o‘z nazoratiga oladi. Britaniya hukmronligi yillarida Falastinning ma’muriy markazi bo‘lmish Quddus g‘arbida yangi shahar paydo bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Buyuk Britaniyaning Falastindagi hukmronligiga barham berildi. 1947- yil 29-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi «Falastinning bo‘lajak hukumati» («Falastinni bo‘lish to‘g‘risida» nomi bilan mashhur) 181-rezolutsiyani qabul qildi. Unga ko‘ra, Buyuk Britaniya mandati ostidagi Falastinda ikkita – arab va yahudiy davlatlari tashkil etish ko‘zda tutilgan edi. Quddus masalasida BMT boshqaruvida «maxsus xalqaro rejim» tavsiya qilindi. Maxsus rejim muddati 10 yil bo‘lib, shundan so‘ng referendum o‘tkazilishi, uning natijasiga ko‘ra shaharliklarning o‘zi Quddus maqomini belgilashi kerak edi. Biroq, bu rejim hayotga tatbiq etilmadi. Isroil ushbu rejaga rozi bo‘ldi, ammo Falastin vakillari rezolutsiyaga bog‘lanib qolmasliklarini aytishdi.

1948-yil may oyida Buyuk Britaniya mandati tugab, inglizlar mintaqani tark eta boshlashi bilan o‘sha yili Arab-Isroil urushi boshlandi. 15-may kuni Quddus Iordaniya harbiylari tomonidan hujumga uchradi. Oradan bir necha kun o‘tib, Misr harbiylari ham shaharga kirib keladi. Isroil qurolli kuchlari Quddusning yangi shahar qismini qo‘lga kiritdi. 1948 yil 11 iyunda tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishildi. BMT elchisi Folke Bernadot tomonlarga ma’qul rejani taqdim qildi. Unga ko‘ra, tomonlar shaharni internatsionalizatsiyadan voz kechishi kerak edi. Ammo har ikki tomon bu rejani qabul qilmaydi.

Sentabrda graf Bernadot otib tashlanadi. 1948- yil 7- iyulda yana to‘qnashuvlar boshlanib ketadi. Qurolli hujumlar to‘xtagan 1948- yil so‘nggiga borib Quddus ikkiga bo‘linib qoldi. Sharqiy Quddus va Iordan daryosining G‘arbiy sohili arablar nazoratida bo‘lsa, G‘arbiy Quddus yahudiylar nazoratiga o‘tdi. 1949- yil 3- aprelda sulh imzolandi.

1949- yil dekabrida bosh vazir D.Ben-Gurion «Yahudiylar Quddusi»ni Isroil davlatining tarkibiy qismi va bo‘linmas poytaxti deya e’lon qildi hamda poytaxtni Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirish taklifini ilgari surdi. 1949-yilning 26- dekabrida Isroil Knesseti (parlament) o‘z majlislarini Quddusda o‘tkazishi bo‘yicha qaror qabul qildi, 1950 yil 23 yanvarda esa Quddus Isroil poytaxti deya e’lon qilindi. «Quddus to‘g‘risida» va bu shaharda hukumat binolarini qurish haqida rezolutsiya qabul qilindi. O‘sha yilning mart oyida Quddusda Knessetning birinchi majlisi o‘tkazildi.

1967- yilda «Olti kunlik» urush natijasida Isroil Sharqiy Quddusni egallab oldi va G‘arbiy Quddus bilan birlashtirdi. Biroq BMT bu qarorni tan olmadi. Shundan beri Isroil Quddusni yagona va bo‘linmas poytaxti ekanini aytib keladi, biroq Falastin Sharqiy Quddus o‘zining poytaxti bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.

1997- yili Falastin Qonunchilik Kengashi 2002- yilda Falastin Milliy ma’muriyati raisi Quddus Falastin davlatining poytaxti ekanligi to‘g‘risidagi qonunni imzolashi kerak, degan qaror qabul qilgan edi. Biroq, BMTga a’zo 100 dan ortiq mamlakat tan olgan bo‘lishiga qaramay, Falastin davlati hamon to‘liq tashkil etilmagan.

BMTning yaqinda qabul qilingan rezolutsiyasini nega 128 davlat ma’qulladi? Chunki, bu mamlakatlar Quddus Isroil davlati poytaxti deya tan olinishini BMT tomonidan qabul qilingan rezolutsiyalarga mos kelmasligini aytadi. Shunday ekan, “Quddus atrofidagi bahslar qanday hal etilishi kerak?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu savolga “BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1947- yil 29- noyabrda qabul qilingan 181-rezolutsiya hayotga tatbiq etilishi kerak”, deya javob berish mumkin.

Sharofiddin To‘laganov,
siyosiy sharhlovchi

O‘zA
13 967