O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Qozoq xonandasidan musiqiy guldasta

Qozoq xonandasidan musiqiy guldasta

O‘zbekistonda Qozog‘iston yili 

Mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan Qozog‘iston yili qiziqarli tadbirlar, rang-barang konsertlarga boy bo‘lmoqda. Ushbu madaniy dasturlar doirasida “Turkiston” san’at saroyida Qozog‘iston xalq artisti Maqpal Junusovaning konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Musiqiy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport vazirligi hamkorligida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tomonidan tashkillashtirildi.

Qozog‘istonning yorqin estrada yulduzlaridan biri – Maqpal Junusova qirq yildan ortiq vaqt mobaynida muxlislarga eng sara qo‘shiqlarini taqdim etib kelmoqda. Xonanda o‘z ijodiy faoliyati bilan qozoq milliy qo‘shiqchilik san’atiga katta hissa qo‘shib keladi.

Maqpal Junusova Qarag‘anda viloyatidagi katta oilaning to‘ng‘ich farzandi. Ota-onasi u bilan birga sakkiz o‘g‘il-qizni tarbiyalagan. Otasi oddiy haydovchi, onasi esa uy bekasi edi. Ular farzandlarini mehnatsevar va mehribon, san’atni, go‘zallikni qadrlovchi insonlar etib kamolga yetkazdi. Maqpal uyda katta qiz bo‘lgani uchun ham ota-onasining yordamchisi edi. Shu sabablimi, u g‘oyat mas’uliyatli, teran fikrlovchi, san’atga oshufta shaxs bo‘lib voyaga yetdi.

Qizidagi san’atga bo‘lgan mehrni sezgan ota-ona Maqpal Junusovani Olmaotadagi musiqa internatiga joylashtiradi. U maktab yoshidan “Kozoqkonsert” respublika birlashmasida xonanda bo‘lib ommaviy tadbirlarda, konsertlarda faol qatnasha boshladi.

Maqpal Junusova 1979 yili “Gulder” ansambliga a’zo bo‘ladi. Oliy ta’lim dargohini tamomlagan M.Junusova o‘sha davrda sobiq ittifoq mamlakatlaridagi eng yaxshi o‘nta estrada xonandasi orasidan o‘rin oladi. San’atkor Avstriya, Vengriya, Germaniya, Hindiston, Janubiy Koreya, Xitoy, Shvesiya, Kanada va boshqa xorijiy mamlakatlarda ham o‘z ijodini namoyish etdi. O‘zga yurt tomoshabinlarini qozoq xalq qo‘shiq va kuylari bilan yaqindan tanishtirdi. 1989 yili Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist, 1994 yili esa Qozog‘iston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘ldi.

“Turkiston“ saroyida bo‘lib o‘tgan konsertda ham yurtimiz tomoshabinlari Maqpal Junusovaning musiqiy guldastasini juda iliq kutib oldi.

– O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik yanada kuchaysin, mustahkam bo‘lsin, – dedi Maqpal Junusova. – Qardoshlik va yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga bugungi tashkillashtirilgan konsertimiz xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Men o‘zbek estradasini juda yaxshi ko‘raman. “Yalla“ ansambli, Yulduz Usmonova qo‘shiqlarini yoddan bilaman va kuylayman. Biz Qozog‘istonga o‘zbekistonlik xonandalarni taklif etamiz. Qozog‘istonda ham ularning muxlislari ko‘p.

Xalqimiz mehrini qozongan mashhur qo‘shiqlarni tomoshabinlar san’atkor bilan jo‘rlikda kuyladilar. Konsert dasturi juda samimiy, ko‘tarinki va zavqli ruhda o‘tdi.

255
N.USMONOVA, O‘zA