O‘zA O`zbek

06.06.2018 18:08 Chop etish versiyasi

Qozoq-nemis universiteti talabalari O‘zbekistonda

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti negizida Qozoq-nemis universiteti talabalari uchun “Suv resurslaridan foydalanish asoslari: nazariya, amaliyot va ilmiy tadqiqotlar integratsiyasi” mavzuida yozgi o‘quv kursi o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamkorligidagi “Suv, ta’lim va hamkorlik” (“Smart Waters”) loyihasi doirasida tashkil etilgan o‘quv kursida ishtirok etayotgan Qozoq-nemis universiteti talabalari – Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi mamlakatlar vakillaridir.
Yozgi o‘quv kursining ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda institut rektori O‘ktam Umurzoqov, Qozoq-nemis universiteti rektori, doktor Markus Kayzer, USAIDning O‘zbekistondagi direktori Geri Robbins va boshqalar mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, suv resurslaridan foydalanish borasida yangiliklar, ilmiy asoslar bo‘yicha ikki mamlakat oliygohlari o‘rtasida hamkorlik talabalarga mustahkam bilim berish hamda amaliy ko‘nikmalar hosil qilishda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Suv resurslari mintaqaviy barqaror taraqqiyotda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu sababli umumiy suv resurslarini samarali boshqarish va foydalanish ayni kun talabidir. USAID moliyalashtirayotgan “Smart Waters” loyihasi Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘onistonda 2015 yildan buyon tatbiq etilmoqda. Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning maqsadi suv resurslarini barqaror boshqarish masalalari bo‘yicha strategik tavsiyalar berish, o‘zaro hamkorlikning professional tarmog‘ini yaratishni qo‘llab-quvvatlash hamda salohiyatini oshirish va mintaqaviy muloqotni rivojlantirishdan iborat.

– Qozoq-nemis universiteti talabalariga soha bo‘yicha nazariy-amaliy bilim berish va ikki oliygoh talabalari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash asosiy maqsadimiz, – dedi institutning xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ilhom Abdurahmonov. – Dastur bo‘yicha 14 nafar talaba 102 o‘quv soati mobaynida nazariy, amaliy, laboratoriya va mustaqil mashg‘ulotlarda qatnashadi. Shuningdek, ular irrigatsiya va melioratsiya obyektlari, suvni tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan joylarda sayyor mashg‘ulotlar o‘taydi.

– Talabalarimiz Toshkent shahridagi nufuzli institutda shunday kurs o‘tayotganidan juda xursandman. Uni tashkil etish bo‘yicha astoydil ishladik.Endi ular ikki hafta mobaynida o‘zbekistonlik tajribali professor va o‘qituvchilarning mazmunli va qiziqarli ma’ruzalarini tinglashadi, – dedi Qozoq-nemis universiteti rektori, doktor Markus Kayzer.

O‘quv kursida talabalar suv resurslarini havzalar darajasida boshqarish asoslari, irrigatsion tizimlarda oqimlarning oqish qonuniyati, gidrotexnik inshootlarning ekspluatatsion ishonchliligi va xavfsizligi, nasos stansiyalari va nasoslar ekspluatatsiyasi, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari singari modullar bilan tanishadi.

Talabalar Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumi doirasida 7 iyun kuni “Markaziy Osiyo yoshlari” deb nomlangan tadbirda ham ishtirok etadi.

Yozgi o‘quv kursi shu yilning 20 iyuniga qadar davom etadi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 934