O‘zA O`zbek

15.11.2019 Chop etish versiyasi

Qozog‘iston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi yurtimizga tashrif buyurdi

Qozog‘iston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi yurtimizga tashrif buyurdi
O‘zbek va qozoq xalqlarining qavm-u qarindoshlik, do‘st-u birodarlik munosabatlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Bugungi kunda O‘zbekiston hamda Qozog‘iston davlatlari o‘rtasida do‘stona qo‘shnichilik va strategik hamkorlik tili, dini, urf-odati, adabiyoti, madaniyatlari mushtarakligiga tayangan holda izchil ravnaq topmoqda. Qozog‘iston Respublikasi Milliy gvardiyasi delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga tashrifi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stona xalqaro aloqalarining yangi ko‘rinishi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

12.JPG

Qozog‘iston Respublikasi Milliy gvardiyasi Bosh qo‘mondoni general-leytenant Ruslan Jaksilikov boshchiligidagi delegatsiyaning poytaxtimizga tashrifi dastavval O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-polkovnik Bahodir Tashmatov bilan uchrashuvdan boshlandi. Uchrashuv chog‘ida har ikkala tomon ko‘p asrlik do‘stona aloqalar haqida fikr bildirib, kelgusida ko‘p tarmoqli, o‘zaro manfaatli teng sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va harbiy xizmatchilarning birgalikda tajriba almashishlari borasida suhbatlashdilar. Uchrashuv so‘ngida Ruslan Jaksilikov Milliy gvardiya mehmonlarining tilaklari jamlangan kitobga o‘zining samimiy so‘zlarini yozib qoldirdi.

Shundan so‘ng delegatsiya Milliy gvardiya harbiy qismlaridan biriga tashrif buyurib, moddiy-texnik baza, zamonaviy qurol-yarog‘lar, faxriy qorovul va otliq eskadron chiqishlari hamda harbiy xizmatchilarning jismoniy va jangovar tayyorgarligi bilan tanishdi.

– O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoniga taklif etgani uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Biz birodarlik aloqalarini qayta yo‘lga qo‘yib, hamkorlikda o‘quvlarni tashkil etish masalasini ko‘rib chiqmoqdamiz. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil topganiga qariyb ikki yarim yil bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilganidan hayratda qoldim. Bu, albatta, Milliy gvardiya qo‘mondonligi va butun shaxsiy tarkibning zalvorli mehnati samarasi ekanligini tushunaman. Bu yuqori professionallikdan dalolatdir. Biz har doim shaxsiy tarkibni, avvalo, harakatlaridagi professionallik, xizmatga va harbiy intizomga bo‘lgan munosabatiga ko‘ra baholaymiz.

Otliq eskadronga kelsak, kuchli askarlar singari tarbiyalangan otlar ham ko‘p narsani anglatadi. Bu nafaqat chiroyli ko‘rinish uchun, balki xizmatimiz uchun juda zarurdir. Afsuski, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidan farqli ravishda, bizda bunday bo‘linmalar yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda, bu bo‘linmaning tayyorgarlik darajasi meni hayratga soldi. Fuqarolar va aholining xotirjam turmush tarzi, mamlakat tinchligi va osoyishtaligi harbiy xizmatchilarning tayyorgarlik darajasiga bog‘liq. Chunki Milliy gvardiya jamoat tartibini saqlash va xalqlarimizning xavfsizligini ta’minlash maqsadida xizmat qiladigan birlamchi tuzilmadir. Umid qilamanki, bizning qardosh do‘stona munosabatlarimiz xizmatimizni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishga imkon beradi, – dedi Qozog‘iston Respublikasi Milliy gvardiyasi Bosh qo‘mondoni general-leytenant Ruslan Jaksilikov.

Delegatsiya a’zolari Milliy gvardiya “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida o‘quvchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar va Qo‘riqlash xizmatida joriy etilayotgan innovatsion texnologiyalar natijasida erishilayotgan yutuqlar bilan tanishdilar.

10.JPG

Tashrifning ikkinchi kunida qardoshlarimiz Chirchiq dala o‘quv poligonida bo‘lib, Milliy gvardiya tezkor harakatlanuvchi bo‘linmalarining terrorchi guruhlarga qarshi kurashdagi amaliyotini kuzatdilar. Shu bilan birga innovatsion o‘q otish mashg‘ulotlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

– Qurolli kuchlarimiz Oliy Bosh qo‘mondoni – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti olib borayotgan siyosatlarining davomi sifatida, barcha sohalar kabi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida ham qo‘shni davlatlar va xorij mamlakatlarining Qurolli kuchlari tuzilmalari bilan hamkorliklar yo‘lga qo‘yilib, tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Qozog‘iston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashrifi munosabati bilan o‘quv dala maydonida Milliy gvardiya bo‘linmalarining imkoniyatlari, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi va tajrib
asini namoyish etadigan ko‘rgazmali harbiy o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik Hasan Botirov.

Shu bilan birga, mehmonlar tashrif chog‘ida Qurolli kuchlar akademiyasida joriy etilgan zamonaviy axborot texnologiyalari asosida berilayotgan harbiy ta’lim bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

“Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyatida delegatsiya a’zolari yurtimiz iftixorlari bo‘lmish jahon va olimpiada chempionlari bilan suhbatlashib, bugunda o‘zbek sportchilarini dunyo tan olganligini e’tirof etdilar.

Mehmonlar Milliy gvardiyada harbiy kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlarning yorqin namunasi sifatida bunyod etilayotgan zamonaviy o‘quv markazini ko‘zdan kechirdilar.

Tashrif so‘ngida Qozog‘iston Respublikasi Milliy gvardiyasi bosh qo‘mondoni boshchiligidagi delegatsiya uchun poytaxtimizdagi diqqatga sazovor joylarga sayohat uyushtirildi. Mehmonlar poytaxtimizda oxirgi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, yorqin taassurotlar bilan o‘z yurtlariga qaytdi.

697
O‘zA