O‘zA O`zbek

15.11.2019 Chop etish versiyasi

Qozog‘iston harbiy delegatsiyasi tashrif buyurdi

Qozog‘iston harbiy delegatsiyasi tashrif buyurdi
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislar tayyorlash markaziga Qozog‘iston Respublikasi harbiy delegatsiyasi tashrif buyurdi. Tashrif davomida kichik mutaxassislar tayyorgarligi bo‘yicha hamkorlikda o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi.


photo_2019-11-15_08-44-03.jpg
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmatining xabar berishicha, o‘quv-uslubiy yig‘inda dastlab markazda mutaxassislik bo‘yicha tayyorgarlik, serjantlar tarkibini tayyorlash, serjantlar tarkibi malakasini oshirish kurslari, muhandislik, aloqa, zirhli tank xizmati, artilleriya bo‘linmalari, quruqlikdagi qo‘shinlar va havo hujumidan mudofaa singari mutaxassisliklar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan delegatsiya a’zolari bilan o‘zaro fikr almashildi.

Shuningdek, kichik mutaxassislarni tayyorlashda nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni olib borish borasida qo‘llanilayotgan usul va uslublar haqida so‘z yuritildi.

photo_2019-11-15_08-44-00.jpg

Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolari tomonidan Qozog‘iston Respublikasi mudofaa vazirligining kadetlar korpusida professional bilimni oshirish va mustahkamlash, komandirlik va liderlik sifatlarini, bo‘linmalarni uslubiy boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi.

O‘zaro fikr almashinish davomida ishtirokchilar ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari, xalqaro tajribalarni qo‘llash hamda ularni amaliyotga tatbiq etish va eng asosiysi amaliy mashg‘ulotlarga alohida e’tibor qaratib, mutaxassislarni jismoniy, jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar yuzasidan mulohazalarini bildirdi.

O‘tkazilgan o‘quv yig‘inidan so‘ng, delegatsiya a’zolari markazda kursantlarning nazariy bilimlarni egallashlari uchun o‘quv binosidagi imkoniyatlar, kutubxona, oshxona, yotoqxona va madaniyat markazlarida yaratilgan zarur sharoitlar bilan tanishdi.

O‘tkazilgan ushbu o‘quv yig‘ini ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, kichik mutaxassislarni yetuk kadr bo‘lishiga xizmat qiladi.

501
O‘zA