O‘zA O`zbek

02.08.2018 19:33 Chop etish versiyasi

Qovun saylida tabarruk zamin saxovati namoyon bo‘ldi

Qovun saylida tabarruk zamin saxovati namoyon bo‘ldi Qadim Buxoroning Abu Ali ibn Sino nomidagi favvoralar xiyoboniga tutash hududda Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlab an’anaviy qovun sayli festivali bo‘lib o‘tdi.

“Buxoroning tabarruk zamini saxovati” shiori ostida tashkil etilgan sayil viloyat polizchilik imkoniyatlarining o‘ziga xos namoyishi va taqdimotiga aylandi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida sohaning barcha tarmoqlari kabi polizchilik ham barqaror rivojlanmoqda. Bunga qovun ekini joylashtirilayotgan maydonlar kengayib, hudud iqlimiga mos navlar soni tiklanayotgani yaqqol dalildir.

Buxoro azaldan o‘zining tilimi tilni yorar, ta’mi asaldan-da totli qovunlari bilan mashhur. Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida “Movarounnahrda Buxoro qovunicha ko‘p va xo‘b qovun bo‘lmas. Agarchi Farg‘ona viloyatidin Axsining bir nav’ qovunikim, “Mirtemuriy” derlar,muningqovunidinchuchukroq va nozukroq bo‘lur, vale Buxoroda har jins qovundin ko‘p bo‘lur va yaxshi bo‘lur”, deya ta’riflagani bejiz emas. Afsuski, yaqin o‘tmishda – paxta yakkahokimligi davrida polizchilikka e’tibor susaydi. Bu muammo mustaqillik yillarida barham topdi. Shu vaqt mobaynida Buxoroda ham necha o‘nlab qovun navlari tiklandi. Bunda an’anaviy qovun sayli festivali ham muhim rag‘batlantiruvchi omil bo‘lmoqda.

Bu galgi tadbirda viloyatdagi 224 fermer xo‘jaligi tomonidan 1 ming 890 tonnaqovun-tarvuz ko‘rgazma savdoga qo‘yildi. Xaridorlarga taklif etilgan qovun navlari ham talaygina – “Amiri”, “Bekzodi”, “Oq urug‘”, “Bo‘rikalla”, “Gulobi”ning bir necha turi.

Pavilonlardagi nafaqat poliz, balki meva mahsulotlari xilma- xilligi, mo‘lligi va ayni paytda sifatiyu narxi arzonligi bilan e’tiborni tortadi.

– Festivalda haqiqiy dehqon saxiyligini his etasiz, – deydi xaridor Anvar Ro‘ziyev. – Narx mahsulot qo‘ldan-qo‘lga o‘tib keladigan bozordagiga nisbatan ikki barobar arzon. Dasturxonimizni to‘kin qiladigan saxiy dehqonlarimizga rahmat.

Sayilda xorijlik sayyohlar ham ishtirok etdi.

– Buxoroga keladigan mehmonni, avvalo, shahardagi jahonga mashhur ko‘hna me’moriy obidalar qiziqtiradi, – deydi rossiyalik sayyoh Ilvira Vasilenko. – Meni ertakdagi go‘zal sharq timsoliga aylangan tarixiy maskan juda ham maftun etdi. Umuman, bu vohaning hayratli jihatlari ko‘p ekan. Masalan, bu zaminda atrofingda seni tanimasa-da, ko‘p yillik qadrdonlardek iltifot ko‘rsatadigan kishilar borligini his qilib turasan. Sayilda ishtirok etib, Buxoro noz-ne’matlarga ham boyligiga yana bir bor amin bo‘ldim.

Sayil yakunida faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.

Tadbirda mo‘l poliz mahsulotlari bilan qatnashgan, yangi qovun navlarini yaratish borasidagi izlanishlari uchun Jondor tumanidagi “Elmurod Do‘stmurod Shahriyor” fermer xo‘jaligi rahbari Do‘stmurod Boymurodov, Peshku tumanidagi “Bahor barakasi” fermer xo‘jaligi rahbari Sherali Umarov birinchi o‘ringa munosib ko‘rilib, yuk mototsikllari bilan taqdirlandi.

– Ota-bobolarmiz kasbini zamonaviy dehqonchilik ilmiga amal qilib davom ettirayapman, – deydi Do‘stmurod Boymurodov. – Viloyatda birinchi bo‘lib qovun ekishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi tashkil etganmiz. Dastlab, 2 gektarga poliz ekkan bo‘lsam, hozir 7 gektar yerim bor. Har yili to‘rt-besh nav almashlab ekib, yuqori hosil olayapman. Ushbu sayilning doimiy ishtirokchisiman. Bu gal sayilga 8 tonnadan ziyod qovun-tarvuz olib keldim.

Pavilonlarni festivalga mos ko‘rkam dizayn asosida bezatgan Buxoro shahri, Olot va Kogon tumanlari qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlandi.

Festivalda asal savdosi ham tashkil etildi. Unda buxorolik asalarichilar 3 tonnadan ziyod shifobaxsh mahsulotlari bilan qatnashdi.

Tadbir davomida folklor jamoalarining chiqishlari ishtirokchilarga xush kayfiyatbag‘ishladi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
4 366