O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Qorovulbozor tumanida 3 kishi oʻz joniga qasd qilgan

Qorovulbozor tumanida 3 kishi oʻz joniga qasd qilgan

Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani prokuraturasi tomonidan jinoyatchilikning oldini olish borasida mahalla fuqarolar yigʻini va barcha turdagi taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati sohasida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida, aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini, ularga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish boʻyicha tuman IIB boshligʻi nomiga 12 ta taqdimnoma kiritildi. 13 ta noqonuniy qarorlar bekor qilindi. Qonunga muvofiqlashtirish boʻyicha protestlar kiritilib, 1 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Shuningdek, jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish haqidagi qarorlarning 6 tasi bekor qilingan.

Tumanda jinoyatchilik ahvoli tahlil qilinganda, hududda sodir etilgan jinoyatlar joriy yilning 6 oyida 22 ta boʻlib, 2019-yilning shu davriga nisbatan 11 taga, jinoyat qidiruv yoʻnalishi boʻyicha 6 taga oshgan. Joriy yilning oʻtgan davrida oʻz joniga qasd va suiqasd qilganlar 3 nafarni tashkil etgan.

Tuman prokuraturasi tomonidan tuman IIB ning jinoyatga oid ariza, xabar va boshqa maʼlumotlarning koʻrib chiqilishi, qabul qilingan qarorlarning qonuniyligi oʻrganilganda, tuman IIB xodimlari tomonidan hududda sodir etilgan jinoyatlarni asossiz ravishda jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish orqali yoki maʼmuriy javobgarlikka oid ish qoʻzgʻatish orqali jinoyatlarni yashirish holatlariga barham berilmayotganligi aniqlandi.

Shuningdek, joriy yilning oʻtgan davrida tuman prokuraturasi tomonidan 124 ta murojaat koʻrib chiqilgan boʻlib, ularning 93 tasiga tushuntirish berilgan, 31 tasi qanoatlantirilgan. Murojaatlarning 67 tasi mehnat munosabatlariga, 8 tasi uy-joy masalalariga oid boʻlsa, 19 ta murojaat fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari, 6 tasi tadbirkorlik huquqlari, 4 tasi yerga oid qonunlar yuzasidan, 1 ta prokuratura va 2 tasi IIB jinoyat ishlari va materiallari boʻyicha, 4 tasi maʼmuriy sud ishini yuritish boʻyicha 10 tasi boshqa masalalar yuzasidan kelib tushgan murojaatlar hisoblanadi.

Tuman prokuraturasi binosida jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish uchun videokamera bilan jihozlangan alohida xona ajratilgan boʻlib, oʻtgan davr mobaynida xodimlar tomonidan 46 nafar jismoniy va yuridik shaxslar qabul qilingan.

Xulosa oʻrnida aytish lozimki, davlat va jamiyat hayotida qonuniylikni mustahkamlash hamda qonun ustuvorligining taʼminlanishi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning samaradorligini oshirishda hal qiluvchi oʻrin tutadi. Fuqarolarning tinch, osoyishta, farovon hayot kechirishi uchun barcha sharoitni yaratish prokuratura organlari xodimlarining eng oliy maqsadidir.

2 245
Zarif KOMILOV, OʻzA