O‘zA O`zbek

29.05.2019 16:23 Chop etish versiyasi

Qoraxoniylar davriga oid shahar qoldiqlari topildi

Qoraxoniylar davriga oid shahar qoldiqlari topildi

Arxeologlarimiz tomonidan Jizzax viloyati Toshbuloq yodgorligida, dengiz sathidan 2000 metr balandlikda Qoraxoniylar davriga oid shahar qoldiqlari topildi.

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar instituti tomonidan ''O‘zbekiston arxeologiyasi: yutuqlar, muammolar va istiqbol'' mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. 

– Yaqin kunlarda arxeologlarimiz tomonidan Jizzax viloyati Toshbuloq yodgorligida, dengiz sathidan 2000 metr balandlikda Qoraxoniylar davriga oid shahar qoldiqlari topildi, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar instituti direktori Farhod Maqsudov. – Ushbu yodgorlik zamonaviy texnologiyalar asosida o‘rganildi. Bu ham bugungi shahar arxeologiyamiz uchun katta yutuq hisoblanadi.

Samarqand viloyati Kofirqala yodgorligida yog‘och panno qoldiqlari topilib, ta’mirlangan. Namangan viloyati Axsikent yodgorligida kazishma ob’ektlari muzeylashtirildi. Samarqandning qadimiy o‘rni Afrosiyob yodgorligidan topilgan ilk o‘rta asrlarga mansub devoriy suratlar hozirgi zamon talablari asosida ta’mirlandi. Buxoro vohasini qadimdan o‘rab olgan voha devori – Kampir devor qoldiqlari o‘rni ochildi. Termiz shahar yodgorligida yer osti Budda ibodatxonasi va undan “muqaddas stupa”, buddaviy rohib va ma’bularning koldiklari topildi. Zarafshon vohasi va Amudaryo deltasida olib borilgan tadqiqotlar tufayli Kaltaminor madaniyatining rivojlanishi va uning taraqqiyot yo‘llari, xronologiyasi va yodgorliklarning geologik holatini o‘rganish bo‘yicha yangi ma’lumotlar qo‘lga kiritildi. 

Mamlakatimizda qadimdan qabristonlarni obod qilish, yangi qabristonlarni tashkil etish bo‘yicha qator ishlar qilinadi. Ayrim tarixiy ob’ektlarning aksariyati qabristonlar ostida qolib ketgan.

Mamlakatimizda 3 ta Temur darvoza bor. Uni ayrim tarixchilar, jurnalistlar noto‘g‘ri talqin qilishadi. Birinchisi, Jizzax yaqinidagi "Ilon o‘tdi" darasida joylashgan. Ikkinchisi, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari orolig‘idagi Darband huduri yaqinida, uchinchisi, Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida. Tadbirda bu darvozalarning nomi OAV da to‘g‘ri talqin qilinishi kerakligi haqida ham to‘xtalib o‘tildi. 

Jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.

Dilobar MAMATOVA, O‘zA
961