O‘zA O`zbek

02.08.2018 20:26 Chop etish versiyasi

Qorasuvda shar’iy nikoh bilan yashayotgan 18oilaning nikohi qonuniy rasmiylashtirildi

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan 1-25 avgust kunlari mamlakatimizda “Biz oilaviy ajrimlarga qarshimiz” mavzusida oilaviy munosabatlarni mustahkamlash oyligi o‘tkazilmoqda. Mazkur oylik doirasida Qorasuv shahrida ham muayyan ishlar qilinmoqda.

Qorasuv shahri mamlakatimizning qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh chekka hududlaridan biri. Shaharda mavjud 10 mahalla fuqarolar yig‘inida 9 mingdan ortiq oila bor va 34 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Shahrimizda notinch oilalar u qadar ko‘p bo‘lmasa-da, oilalarni mustahkamlash borasida qiladigan ishlarimiz hali ko‘p. Jumladan, oylik doirasida shahardagi notinch, ajrim yoqasida turgan, turli muammolari bo‘lgan oilalarni qayta xatlovdan o‘tkazish, mazkur oilalarda tinchlik-xotirjamlik, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olingan. Katta hayotiy tajribaga ega, aholi o‘rtasida hurmat qozongan otaxonu onaxonlar va faollardan iborat guruhlar tuzilib, notinch oilalar bilan ish olib borilmoqda. Shu tariqa oilani parokandalikka olib kelgan muammo va omillar o‘rganilayotir.

Bundan tashqari, er-xotin, qaynona-kelin, qaynona-kuyov va oilaning boshqa a’zolari o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ularning har biri bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilib, murosaga keltirilmoqda. Bunday oilalarga mahalladagi namunali oilalar vakillari, mahalla faollari, haj ziyoratini ado etgan otaxon va onaxonlardan iborat murabbiylar biriktirilgan.

Umuman, notinch oilalar bilan olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Keyingi ikki oyda 34 notinch, ajrim yoqasidan turgan oilalardagi muammolar bartaraf etildi. Ayniqsa, oylik doirasida oilaviy ajrimlarga yo‘l qo‘ymaslik, ajrimlarni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, joriy yilning o‘tgan davrida shahrimizda shar’iy nikoh bilan yashayotgan oilalardan 18 tasining nikohi qonuniy rasmiylashtirildi.

Noqonuniy, erta turmush va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar, ayollar jinoyatchiligi bilan bog‘liq holatlarning oldini olish yuzasidan mana shunday holatlar qayd etilgan Paxtachi, Amir Temur mahallalarida targ‘ibot-tushuntirish ishlari kuchaytirilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, ayollar jinoyatchiligi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan keskin kamaydi.

Shahrimizda yashovchi K. ismli ayol hamshaharlari ishonchini suiiste’mol qilib, firibgarlik yo‘li bilan o‘zgalar pulini o‘zlashtirishga urinib, jinoyat sodir etdi. Tuzilgan ishchi guruh tomonidan ushbu holat joyiga borib tahlil qilindi, holatni keltirib chiqargan omillar o‘rganildi. Jinoyat sodir etgan ayol muhokama qilinib, unga nisbatan keng jamoatchilik, mahallaning ta’sir choralari ko‘rildi. Olib borilayotganishlar jinoyatchilikka moyil ayollarni mulohaza bilan ish yuritishga, nojo‘ya ishlar qilmaslikka undashi aniq.

Mahallalarda jinoyatchilik, o‘z joniga qasd qilish, suitsid holatlari profilaktikasi, oila bilan bog‘liq qadim va o‘ziga xos qadriyatlar, ezgu urf-odat va an’analarni targ‘ib etishga qaratilgan ishlarni olib borish yuzasidan ham aniq choralar belgilandi. Xususan, oilalar mustahkamligiga erishish, bu boradagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida “Eng yaxshi qaynona”, “Eng namunali kelin”, “Ibratli qaynota” singari tanlovlar, ayniqsa, yosh kelin-kuyovlar, turmush qurish arafasidagi yigit-qizlar ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazib boriladi. Bundan tashqari, farzand tarbiyasi, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, erta nikohlarning oldini olish, to‘y-ma’raka va boshqa oilaviy tadbirlarni ixcham va tartibli o‘tkazish borasidagi ishlar yanada kuchaytiriladi.

Belgilangan ishlarni amalga oshirishda xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkilotlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, huquqni muhofaza qilish idoralari, mutasaddi tashkilotlar, umuman, keng jamoatchilik hamkorligini yanada mustahkamlash zarur. Shundagina biz o‘zimiz kutgan natija va samaraga erisha olamiz.

Nargizaxon Xolmatova,
Qorasuv shahar hokimining o‘rinbosari,
xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.

O‘zA
3 297