O‘zA O`zbek

08.02.2018 18:29 Chop etish versiyasi

Qoraqalpog‘istonlik turoperatorlarga alohida imtiyoz berildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ekstremal turizm sohasi bo‘yicha xorijiy sayyohlarning qiziqishi ortmoqda. Ustyurt platosi, Orol dengizi hududiga ekstremal sharoitda sayohat qiluvchilar safi yildan-yilga kengaymoqda.

Prezidentimizning 2018-yil 3-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni bilan ekstremal turlarni tashkillashtiradigan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘yxatga olingan turoperatorlarga yaxshigina imtiyoz yaratildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘yxatga olinib, litsenziyaga ega bo‘lgan turizm operatorlariga istisno tariqasida ekstremal turlarni tashkil qilish uchun olib kirilayotgan transport vositalariga dvigateli hajmi 2,4 l. dan kam bo‘lmagan yuqori o‘tish qobiliyatiga ega avtotransport vositalarini ro‘yxatga olish bo‘yicha alohida davlat raqami seriyasini tatbiq etgan holda, ulardan faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida foydalanish sharti bilan 5 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash orqali amaldagi stavkaning 25 foizi miqdorida boj to‘lovlarini to‘lashga ruxsat etildi. 

Ushbu imtiyoz natijasida qoraqalpog‘istonlik turoperatorlar bundan buyon Ustyurt, Orol dengizi hududi va boshqa ekstremal sayohat joylarida ishonchli yura oladigan yo‘l tanlamas avtotransportlar («Jeep», «Toyota» va hokazo)ni xorijiy mamlakatlardan 25 foiz miqdorida (amaldagi stavka 100 foiz) 5 yil mobaynida bo‘lib-bo‘lib to‘lash orqali xarid qilishi mumkin. Bu avtotransportlarga alohida davlat raqami seriyasi taqdim etiladi hamda ushbu transportlar faqat Qoraqalpog‘iston hududida harakatlana oladi.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan yili Qoraqalpog‘iston axborot agentligi tomonidan Ustyurt platosi bo‘ylab Orol dengizi hududiga ikki marta, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan bir marta mutaxassislar, olimlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida mediatur tashkil etildi.

Anvar Nasirlayev, O‘zA
7 596