O‘zA O`zbek

30.08.2016 16:51:59 Chop etish versiyasi

Qoraqalpog‘istonlik 102 yoshli Olmaxon momoga “Shuhrat” medali topshirildi

Prezidentimizning 2016-yil 24-avgustdagi farmoniga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanidagi Qizilo‘zak ovulida yashayotgan 102 yoshli Olmaxon momo Yesemuratova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

4.jpgQoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Erniyazov bir guruh davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamrohligida Olmaxon momo xonadonida bo‘lib, piru badavlat onaxonga davlatimizning yuksak mukofoti – “Shuhrat” medalini topshirdi.

– Hech qachon bugungidek dorilomon zamon bo‘lmagan, – deydi Olmaxon momo Yesemuratova. – Ocharchilik, qatag‘on, Ikkinchi jahon urushi – e, bularni gapiraversang, ado bo‘lmaydi. Qo‘ying, eslamang u kunlarni, boshqa qaytmasin. Ayniqsa, urush yillarida ovulda erkak qolmadi hisob, barcha yumush ayollar, bolalar va keksalar gardaniga tushdi. Yaratganga shukr, mustaqillik tufayli dorilomon kunlarga yetdik. Yurtboshimiz xalqimiz farovonligi yo‘lida barcha qulayliklarni yaratib bermoqda. Dasturxonimiz to‘kin, nonimiz butun. Tinchligimiz abadiy bo‘lsin.

Bir asrdan ko‘p umr ko‘rgan Olmaxon momo hali bardam, tetik. Bir o‘g‘il, bir qizni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. 13 nevara, 29 chevara, 1 evara ardog‘ida.

– Olmaxon momo ovulimizning faxri, maslahatgo‘yi, – deydi “Qizilo‘zak” ovul fuqarolar yig‘ini raisi H.Elmuratov. – Yig‘inlar, to‘y-hashamlar momoning maslahati bilan o‘tadi. Yoshlarga pandu nasihat qilib, bugungi tinch va farovon hayotning qadriga yetish zarurligini uqtiradi.