O‘zA O`zbek

29.08.2018 20:43 Chop etish versiyasi

Qoraqalpogʻistonda yana bir muzey ish boshladi

Qoraqalpogʻistonda yana bir muzey ish boshladi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti huzurida “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi tashkil etildi.

XIX asrning ikkinchi yarmidan mustaqillik yillarigacha boʻlgan davrga oid eksponatlar jamlangan muzey Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy taʼlim muassasalari tuzilmasida Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.

– Muzey fondini boyitish maqsadida universitetimiz professor-oʻqituvchilari, doktorant va talabalaridan iborat guruhlar hududlarga ekspeditsiyaga yuborildi, – deydi muzey direktori Alisher Qudiyarov. – Muzeyda 1873 yil – Qoraqalpogʻiston hududining bosib olinishi davridan boshlab, xalqimiz mustaqillik yillarida erishganyutuq va marralarni aks ettiruvchi eksponatlar joy olgan. Bu yerda boʻlgan yoshlar nafaqat oʻtmishning qalblarni oʻrtovchi qora kunlari haqida maʼlumotga ega boʻladi, balki ularda mustaqillikning qadriga yetish, uni asrab-avaylash va yanada mustahkamlash yoʻlida sidqidildan mehnat qilish tuygʻusini yuksaltiradi.

Muzeyning oxirgi boʻlimida mustaqillik yillarida tarixiy adolatning tiklanishi, qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, milliy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilgan tarixiy ishlar namoyish etiladi.

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat) OʻzA
1 579