Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.08.2017 08:20 Chop etish versiyasi

Qoraqalpog‘istonda umumxalq hashari boshlandi

Qoraqalpog‘istonda  umumxalq   hashari  boshlandi Qoraqalpog‘iston Respublikasida boshlangan xayriya hasharida ham  xalqimizga xos hamjihatlik fazilati yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Erta tongdan hasharchilar hududlarni obodonlashtirish, o‘z qishlog‘i, mahallasi, ko‘chasi va xiyobonu ziyoratgohlarni tartibga keltirishni boshladi. Ushbu tadbirni milliy qadriyatlarimizga xos tashkil etish va yuqori saviyada o‘tkazishga davlat va jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bosh-qosh bo‘lmoqda. 

Nukus shahrining “Ko‘na qal’a” mahalla fuqarolar yig‘ini ahli ham xayriya hasharida faol ishtirok etayotir. Kimdir ariq-zovurlarni tozalayotgan bo‘lsa, boshqasi daraxtlarga shakl bermoqda, yoshlar, ayollar atrofni supurib, suv sepmoqda.

–Xalqimiz to‘yga to‘yona hozirlash, bayramlarni tinch-osoyishta, saranjom-sarishta o‘tkazishga alohida e’tibor qaratadi, – deydi ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Gulinor O‘temuratova. – Bugun erta tongdan Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi oldidan o‘tkazilayotgan hasharda hududimizdagi 28 ko‘chada obodonlashtirish ishlari boshlandi. Hasharda mahallamiz faxriylari 2,5 mingdan ziyod yoshlarga bosh bo‘lmoqda. Turli xayriya tabirlari o‘tkazilayotir. 

5 (7).jpg

Umumxalq hashari Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tuman va shaharlarida o‘tkazilayotgan tadbirning dastlabki kunida 603 mingdan ziyod yurtdoshimiz ishtirok etmoqda. Ularning 392 mingdan ziyodi yoshlardir. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi huzuridagi “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz!” ko‘ngilli yoshlar guruhi tomonidan yolg‘iz keksalar, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, uy-joylarini tozalash, tartibga keltirishga ko‘maklashilmoqda.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, umumxalq hasharining birinchi kunida 711 gektar yer obodonlashtirilib, 837 tonna chiqindi chiqarib tashlanadi. 404 kilometr ariq-zovur tozalanib, 59 ziyoratgoh va qabriston obod qilinadi.

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA
2 532






Все о погоде - Pogoda.uz