O‘zA O`zbek

16.09.2019 Chop etish versiyasi

Qorakoʻl maktabi asoschisi nomidagi matematika olimpiadasi gʻoliblari aniqlandi

Qorakoʻl maktabi asoschisi nomidagi matematika olimpiadasi gʻoliblari aniqlandi

Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Qorakoʻl maktabi asoschisi, Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi Toʻxtamurod Jumayev nomidagi matematika olimpiadasi oʻtkazildi.

“Qorakoʻl ziyo” oʻquv markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur fan olimpiadasida mamlakatimizning turli hududlaridan 1200 ga yaqin maktab oʻquvchisi ishtirok etdi.

Olimpiada ochilishida taʼkidlanganidek, yoshlarimizning iqtidori, maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatini kashf etish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, maktab taʼlimini rivojlantirish uchun zoʻr imkoniyat, yetarlicha mablagʻ yoʻnaltirilayapti. Oʻquvchi-yoshlarning muayyan fanlarga boʻlgan qiziqishini oshirish, isteʼdodini toʻgʻri yoʻnaltirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yosh avlodning ilm egallashga boʻlgan ishtiyoqi va intellektual salohiyatini oshirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorda koʻzda tutilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan fan olimpiadasi Toʻxtamurod Jumayev nomi bilan atalishida ham chuqur maʼno bor.

Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Toʻxtamurod Jumayev koʻp yillar davomida matematika oʻqituvchisi boʻlib faoliyat yuritgan. 1990-2015-yillarda Qorakoʻl tumanida oʻzi asos solgan 1-ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktab-internatida direktor vazifasida ishlagan. Bu maktabda oʻziga xos taʼlim olish tizimi joriy qilingan. Maktab oʻquvchilarining toʻqson foizi oliy oʻquv yurtiga qabul qilingan.

Shu bilan birga mazkur maktab oʻquvchilari matematika fanidan xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, koʻplab medallarga sazovor boʻlgan.

Shu bois, Toshkentda oʻtkazilgan olimpiadada 5-11-sinf oʻquvchilari qatnashdi. Respublika va xalqaro olimiadalarda gʻolib boʻlgan matematiklar tomonidan bellashuvning savol va topshiriqlari davlat standartlari asosida tuzildi. Oltita savoldan iborat ushbu topshiriqlar murakkabligi turlicha darajada boʻlgan masalalardan iborat boʻldi.

Olimpiada yakuni boʻyicha 5-6-7-sinflar oʻrtasida Yusufjon Ortiqov, 8-9-sinflar oʻrtasida Anvarbek Rahmatov, 10-11-sinflar oʻrtasida Doniyor Ismoilov birinchi oʻringa munosib topildi. Olimpiadaning gʻolib va sovrindorlariga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

2.JPG

15.JPG

16-faqat saytga.JPG

3 346
Nazokat USMONOVA, OʻzA