Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.09.2017 12:47 Chop etish versiyasi

“Qora oltin” vasvasasi

Mamlakatimiz bojxona chegaralari orqali neft va yoqilg‘i-moylash mahsulotlarining yashirin ravishda olib o‘tilishi va ichki hududda noqonuniy aylanishi amaldagi tartiblarga ziddir. Shu sababli bunday harakatlarning oldini olish borasida bojxona va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar hamkorlikda tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari va ichki ishlar idoralari vakillari hamkorligida Karmana tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.Allayorov boshqaruvida bo‘lgan yuk avtomashinasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv jarayonida avtomashina yukxonasida 10 dona 200 litr sig‘imli metall idishlarga solingan 1 ming 950 litr benzin yoqilg‘isi noqonuniy ravishda olib ketilayotganligi aniqlandi.

Karmana tumani ma’muriy sudining qaroriga ko‘ra, daliliy ashyo sifatida olingan 1 ming 950 litr benzin yoqilg‘isi hamda 10 dona metall idish davlat foydasiga musodara qilindi. Fuqaro A.Allayorovga nisbatan esa qonunchilikda belgilangan miqdorda jarima jazosi tayinlandi.

Xuddi shunday qonunbuzarlik fuqaro B.G‘aybullayev tomonidan ham sodir etilgan. Uning boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli yuk avtomashinasida boshqa tovarlar ostiga 24 dona 200 litr sig‘imli metall idishda 5 tonnaga yaqin benzin mahsuloti yashirilgani ma’lum bo‘ldi.

Fuqarolar D.O‘roqov va M.Nurmurodovlar boshqaruvidagi avtomashinalar ham to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, har ikkala avtomashina yukxonasida turli tovarlar ostida yashirin tarzda 6 ming 100 litr benzin noqonuniy ravishda olib ketilayotgan ekan.

Hozir ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari hamkorligida aniqlangan qonunbuzarlik holatlarida qariyb 13 ming litr benzin yoqilg‘isining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi.

Davron Sunnatov, O‘zA
1 753






Все о погоде - Pogoda.uz