O‘zA O`zbek

09.08.2019 Chop etish versiyasi

Qonunni takomillashtirish boʻyicha takliflar berildi

Qonunni takomillashtirish boʻyicha takliflar berildi

Toshkent moliya institutida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi ishchi guruhining Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 22-iyul kuni qabul qilingan “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Aytish joizki, soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ilm-fan sohasiga alohida eʼtibor qaratilib, respublikada yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy innovatsion faoliyatni rivojlantirish, oliy taʼlim va ilm-fan salohiyatini mustahkamlash, isteʼdodli yoshlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb qilish borasida maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda milliy iqtisodiyotimiz samaradorligining asosini tabiiy va mehnat resurslari qatorida mamlakatimizning ilmiy-texnikaviy salohiyati ham tashkil etadi. Jamiyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarilayotgani ilmiy faoliyatning ahamiyatini yanada oshirdi.

Shu bois mamlakatimizda ilm-fan sohasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga, salohiyatli kadrlarning qobiliyatini roʻyobga chiqarishga katta ahamiyat berilmoqda. Xususan, respublika oliy taʼlim muassasalarida 26 ming 476 nafar professor-oʻqituvchi faoliyat yuritmoqda, ularning 9 ming 636 nafari ilmiy darajalarga ega.

Birgina 2018-2019-yillarda 1382 nafar tadqiqotchi dissertatsiya himoya qilgan. Biroq sohada mavjud kamchilik va muammolar, avvalo, uning qonunchilik negizini yangilash va mustahkamlashni taqozo etmoqda. “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bu yoʻnalishda qoʻyiladigan muhim qadam boʻlishi lozim.

Ishchi guruh aʼzolari qayd etganidek, qonunning maqsadi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Hujjatda sohadagi faoliyatning ilmiy ijod va axborot erkinligi, samaradorlik, manfaatdorlik va ragʻbatlantirish, xolis ilmiy ekspertiza, inson hayoti va salomatligiga zarar yetkazmaslik kabi asosiy tamoyillar mustahkamlab qoʻyilmoqda.

Shuningdek, sohaning asosiy yoʻnalishlari qatorida ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirish orqali milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligi va samaradorligiga erishish, uning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va resurslarni maqsadli yoʻnaltirish, davlat ilmiy dasturlarini ishlab chiqish, asoslantirilgan tashabbus va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash kabi maqsadlar qayd etilgan.

Bundan tashqari, qonunda ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida davlat-xususiy sheriklikni qoʻllab-quvvatlash, ilm-fanga intilish va uning jozibadorlik muhitini shakllantirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, yosh isteʼdod egalarini tayyorlab borish kabi yoʻnalishlarga ham urgʻu berilmoqda.

Qonunda havolaki normalarning mavjudligi, uning toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiluvchi qonunga qoʻyiladigan talablarga qay darajada javob berishi koʻrib chiqildi. Qonunning bir qator moddalariga aniqlik kiritish, tahrir bilan bogʻliq takliflar bildirildi. Xususan, Qonunning 3-moddasida aks etgan ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy prinsiplarini amaliyotga yoʻnaltirilganlik va innovatsion yondashuv prinsiplari bilan toʻldirish taklifi bildirildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi, Innovatsion rivojlanish vazirligining ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatlarini yana bir bor koʻrib chiqish zarurligi qayd etildi.

Shulardan kelib chiqib, yigʻilish ishtirokchilari ushbu qonunni chuqur oʻrganish lozimligi toʻgʻrisida fikr-mulohazalar bildirdilar.

2 863
Nurillo NASRIYEV, OʻzA