O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Qonunlardan xabardorlik – davr talabi

Qonunlardan xabardorlik – davr talabi

Namanganda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida muhokama etilgan qonunlar mazmun-mohiyati va ahamiyati targʻibotiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Oliy Majlis Senati aʼzolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, siyosiy partiyalar viloyat kengashlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi T.Madumarov Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisi yakunlari haqida umumiy hisobot berdi.

Shundan soʻng Senat yalpi majlisida koʻrib chiqilgan qonunlar mazmun-mohiyati atroflicha sharhlab berildi.

– Yalpi majlisda banklar faoliyatiga doir bir necha qonunlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi qonunlari qabul qilingani sohaning huquqiy asosini yanada mustahkamlash orqali umumiqtisodiyot tizimi mexanizmidagi samaradorligini oshirish yoʻlidagi izlanishlar samarasidan dalolat beradi, – deydi Markaziy bank Namangan viloyati boshqarmasi boshligʻi Gʻ.Vohidov. – Xususan, 11 bob va 74 moddadan iborat “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni ilgʻor xorijiy tajriba, umumeʼtirof etilgan normalar va standartlar asosida Jahon banki hamda Xalqaro valyuta fondi ekspertlari bilan birgalikda ishlab chiqildi. Mazkur qonunni qabul qilishdan kutilayotgan natijalar pul-kredit siyosati va uning instrumentlarini takomillashtirish hamda inflyatsion targetlashga oʻtish uchun zaruriy huquqiy asos yaratish, Markaziy bank faoliyati ochiqligi va amalga oshirilayotgan pul-kredit siyosatining oshkoraligini, narxlar barqarorligini taʼminlash, bank va toʻlov tizimini rivojlantirish, shuningdek, hukumatning umumiy iqtisodiy siyosatini qoʻllab-quvvatlashdir.

Shuningdek, yigʻilishda Namangan viloyati saylov komissiyasi raisi Sh.Mirzahmedovning 2019-yil dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi.

Videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda viloyat hokimi X.Bozorov soʻzga chiqdi.

1 552
Akromjon SATTOROV, Hotam MAMADALIYEV (surat), OʻzA