Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 13:22 Chop etish versiyasi

Qonuniylik, insonparvarlik prinsipi ustuvor

Hayotimizning qonunlar asosida tartibga solinishi jamiyatda adolat barqarorligiga, fuqarolarning huquq va erkinligi ta’minlanishiga xizmat qiladi. Qonunlarga amal qilmaslik, ularni bilib-bilmay buzish, tabiiyki, javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Qonunchilikda belgilangan javobgarliklar orasida ma’muriy javobgarlik tushunchasi mavjud bo‘lib, uning turlari O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida o‘z ifodasini topgan. Bunda shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy, aybli harakat yoki harakatsizlik uchun turli darajadagi jarimalar, muayyan huquqdan mahrum qilish jazolari tayinlanadi.

Shu bilan birga, kodeksda ma’muriy qamoqqa olish masalasi ham o‘rin olgan. Unga ko‘ra, ma’muriy qamoqqa olish uch sutkadan o‘n besh sutkagacha muddatga, favqulodda holat tartibi sharoitida jamoat tartibiga tajovuz qilganligi uchun o‘ttiz sutkagacha muddatga qo‘llaniladi.

Qonunchiligimizda ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi va uning muddati ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, uni o‘tash tartibida noaniqliklar mavjud edi. 2017-yil 9-yanvarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev imzolagan O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonuni shu yo‘nalishdagi muhim hujjat bo‘ldi.

– Yangi qonun bilan ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlar huquqiy tartibga solindi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi bosh maslahatchisi Muhammad Qayumov. – Qonunni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslar tomonidan ma’muriy qamoqni o‘tash prinsiplari va tartibini mustahkamlab qo‘yishdan iborat. Bu prinsiplar qonuniylik, insonparvarlik, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishdan iboratdir.

Qonunning ahamiyatli tomoni shundaki, unda ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquqiy holati, shuningdek, ularda boshqa shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish ruhini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.

Avvalo, ma’muriy qamoqni o‘tashga nima asos bo‘lishi mumkin, degan savolga aniqlik kiritsak. Bu qonunning 5-moddasida bayon etilgan bo‘lib, unga ko‘ra, tuman (shahar) sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyasining qarori, favqulodda holat rejimi sharoitlarida, shuningdek, harbiy komendantning yoki ichki ishlar organi boshlig‘ining qarori ma’muriy qamoqni o‘tash uchun asos bo‘ladi.

Qonunchilikka muvofiq, homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan farzandi bor ayollar, 18 yoshga kirmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlariga nisbatan ma’muriy qamoqqa olish jazosi qo‘llanilmaydi.

Ma’muriy qamoqni o‘tashga mahkum bo‘lgan shaxs maxsus qabulxonada, ya’ni ichki ishlar organlari tizimiga kiradigan, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus muassasada saqlanadi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga hududiy ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan keltiriladi. Maxsus qabulxonaga qabul qilish chog‘ida ma’muriy qamoqqa olingan shaxs ko‘rikdan o‘tkaziladi. Barmoq izlari ro‘yxatga olinadi. Ushbu shaxsni fotosuratga olish, undagi mavjud ashyolarni ko‘zdan kechirish, shuningdek, tibbiy ko‘rik amalga oshiriladi.

Maxsus qabulxona ma’muriyati keltirilgan shaxs muassasaga joylashtirilgan paytdan boshlab unga o‘zi haqida advokatga, qarindoshlariga yoxud boshqa shaxslarga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoki xabar qilish huquqini berishi shart. Agar maxsus qabulxonaga joylashtirilgan shaxs chet el fuqarosi bo‘lsa, uning maxsus qabulxonaga joylashtirilganligi to‘g‘risidagi yozma bildirish yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuborilishi kerak.

Huquq va majburiyatlar – bu har bir qonunga xos bo‘lgan eng muhim jihatdir. Mazkur qonunda ham ma’muriy qamoqqqa olingan shaxslarning huquqlari va majburiyatlariga alohida o‘rin berilgan. Jumladan, bunday shaxslar, avvalo, o‘z huquq va majburiyatlari haqida axborot olish huquqiga ega. Ularning arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi kafolatlangan.

Bunday shaxslar o‘zlarining shaxsiy xavfsizligiga va sog‘lig‘i saqlanishi ta’minlanadigan sharoitlarda saqlanish, tegishli tibbiy yordam olishi mumkin. Pochta jo‘natmalarini va yo‘qlovlarni olish hamda jo‘natishi mumkin. Advokat, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan uchrashishi mumkin. Belgilangan tartibda telefon orqali so‘zlashish, sayr qilish, dam olish, mehnatga jalb qilingan taqdirda tegishli haq olish va mehnatning muhofaza qilinishi kabi huquqlarga ega.

Shu bilan birga, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar qonun talablariga va ichki tartib qoidalariga rioya etishi shart. Maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlarning qonuniy talablarini bajarishi, ularning o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak.

Qonunda, shuningdek, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning moddiy-maishiy va tibbiy ta’minoti, maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlarining huquq hamda majburiyatlari, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash xarajatlarini undirish va ularni mehnatga jalb etish tartibi o‘rin olgan.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonalardan ozod qilishga oid me’yorlar ham qonunda aks etgan. Unga ko‘ra, ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazoni qo‘llash to‘g‘risidagi qaror bekor qilinganda, ma’muriy qamoq o‘tab bo‘linganda bu yerdagi shaxslar ozod etiladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma to‘rt oy o‘tgach kuchga kiradi.

Xulosa qilib aytganda, qonunning qabul qilinishi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada mustahkamlashga zamin yaratadi. Bu ma’muriy qamoqni o‘tashda qonun hujjatlari talablarini ijro etishning yagona amaliyotini ta’minlashga, ushbu sohada ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligi va mazkur organlar xodimlarining mas’uliyati oshishiga olib keladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
11 726






Все о погоде - Pogoda.uz