O‘zA O`zbek

12.11.2019 Chop etish versiyasi

Qonuniy ish o‘rinlari bandlik kafolatidir

Qonuniy ish o‘rinlari bandlik kafolatidir
Soliq qonunchiligidagi islohotlar soliq yukini kamaytirish va tizimni yanada soddalashtirish, majburiy to‘lovlarni optimallashtirish, pirovardida qulay iqtisodiy muhitni yaratishga xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat, joriy yildan boshlab soliq tizimida yangi bosqich boshlandi. Birgina, soliq yuki darajasini kamaytirish maqsadida 2019 yildan yuridik shaxslarning foyda solig‘i stavkasi 14 foizdan 12 foizga, mol-mulk solig‘i stavkasi 5 foizdan 2 foizga, yagona soliq to‘lovi stavkasi 5 foizdan 4 foizga va yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi. Joriy yil 1 oktyabrdan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizga pasaytirilgani muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Prezidentimiz 7 noyabr kuni joriy yilda davlat byudjetiga tushumlar prognozi ijrosini ta’minlash, tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizning barqaror rivoji, ijtimoiy sohalarning uzluksiz qo‘llab-quvvatlanishi uchun davlat byudjeti va uni shakllantiradigan tushumlar muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, yig‘ilishda zamonaviy usullar va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, yashirin faoliyat yuritish orqali soliqdan qochishning oldini olish choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlab o‘tildi. Barcha sohalarda “xufiyona iqtisodiyot” ko‘lamlarini keskin qisqartirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlanishi belgilandi.

Ammo ayrim tadbirkorlar o‘tkazilayotgan keng targ‘ibot-tushuntirish va profilaktik tadbirlarga, xususiy biznes vakillari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarga qaramay, birgina ishchi kuchini jalb qilishda og‘zaki kelishuvga asoslanish, ya’ni mehnatga “konvert usuli”da haq to‘lash tartibida faoliyat ko‘rsatishi, mehnat shartnomasi tuzmasdan ishchi kuchidan foydalanish, mehnat qonunchiligiga zid ravishda faoliyat olib borayotgan ishchi yoki xodimning orttirgan daromadlaridan soliq tushumini to‘lamaslik kabi xufiyona holatlar ham uchrab turibdi.

Xususan, Navoiy viloyatida joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida qariyb 8 ming 200 korxonadagi 37 ming 782 ish o‘rni legallashtirilib, aholi uchun qonuniy ish o‘rinlari yaratildi. Natijada byudjetga 16 milliard 600 million so‘m mablag‘ daromad solig‘i sifatida hisoblandi.

Jumladan, ish o‘rinlarini yashirib ko‘rsatish savdo va umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi sohalarida ko‘proq kuzatilgan. Masalan, 5 ming 800 ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida qariyb 22 ming 930, 1 ming 417 qishloq xo‘jaligi sohasida 8 ming 107 ish o‘rni yashirilgan.

Muxtasar aytganda, ish o‘rinlarini qonuniylashtirish ishchi yoki xodimning kafolatlangan ish joyini ta’minlashga xizmat qiladi.

1 668
Nuriddin RAHIMOV, O‘zA