Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.08.2017 19:20 Chop etish versiyasi

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2017-yil 14-15-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini ro‘yobga chiqarish doirasida ishlab chiqilgan qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Kun tartibiga kiritilgan qonun loyihalari oldindan siyosiy partiyalar fraksiyalarining, O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, qo‘mitalar va ular huzurida faoliyat ko‘rsatuvchi ekspert guruhlarining majlisida muhokama qilindi.

Majlis davomida deputatlar bugungi kunda fuqarolarning siyosiy faolligi oshayotganligini, bu ularning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga qiziqishi ortib borayotganida namoyon bo‘layotganligini alohida ta’kidladilar. Qonun hujjatlariga muvofiq Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy prinsiplaridan biri jamoatchilik fikrini hisobga olishdan iboratdir, bunga esa saylovchilar, umuman, aholi bilan doimiy o‘zaro aloqalarni o‘rnatish va saqlab turish yo‘li bilan erishiladi.

Bu borada yangi, yanada samaraliroq mexanizmlar joriy etilmoqda. Chunonchi, ilgarigi majlis yakunlariga ko‘ra eng dolzarb qonun loyihalarini muhokama qilish uchun parlament quyi palatasining rasmiy veb-saytiga joylashtirildi. Natijada qator takliflar va tavsiyalar kelib tushdi, ular parlament quyi palatasining muhokamasida bo‘lgan qonun loyihalarini maromiga yetkazishda hisobga olindi.

Deputatlar o‘z ishlarini «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida»gi qonun loyihasini moddama-modda muhokama qilishdan boshladilar. Ikkinchi o‘qishga tayyorlash doirasida mazkur qonunning jamoatchilik muhokamasi jarayonida tadbirkorlar, ekspertlar va mutaxassislardan, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari va oddiy kishilardan umuman 1385 ta fikr, taklif va tavsiyalar kelib tushdi. Barcha takliflar Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi huzurida faoliyat ko‘rsatuvchi ekspert komissiyasida, shuningdek, Qonunchilik palatasining bo‘lib o‘tgan majlisida batafsil muhokama etildi. Ta’kidlab o‘tilganidek, ushbu qonun loyihasining asosiy maqsadi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi kafolatlarini kuchaytirishdan, ular faoliyatiga davlat organlari va boshqa tashkilotlarning asossiz aralashuvining oldini olishdan, biznes-ombudsman faoliyatining huquqiy mexanizmlarini belgilashdan iboratdir.

Shundan so‘ng deputatlar «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ham moddama-modda muhokama qildilar. Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasining a’zosi R.Kusherbayev qonun loyihasini maromiga yetkazish jarayonida deputatlar kelib tushgan ko‘plab amaliy xususiyatga ega bo‘lgan takliflarni tahlil qilganliklarini ta’kidladi. Chunonchi, fuqaro G.Boboqulova tomonidan bildirilgan bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishni amalga oshiruvchi organlar va muassasalar tizimiga sog‘liqni saqlash muassasalarini ham kiritishga taalluqli taklif inobatga olindi. Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasi rivojlangan demokratik mamlakatlar tajribasini hamda aqliy zaifligi yoki qaramlik holatida bo‘lganligi munosabati bilan alohida parvarishga muhtoj bolalarning axloqi va farovonligini himoya qilish, o‘sib kelayotgan avlodni zararli axborotdan himoyalash sohasidagi xalqaro shartnomalarni (huquqlarni) inobatga olgan holda ishlab chiqilgandir. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, chunonchi, Germaniya, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Litvaning, shuningdek, AQSh, Yaponiya va boshqa davlatlarning shu sohadagi tajribasi ham e’tiborga olindi.

«Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yuzasidan ham amaliy takliflar va tavsiyalar tushdi. Shuni ta’kidlash kerakki, barcha takliflar majlisga tayyorgarlik chog‘ida deputatlar tomonidan sinchiklab o‘rganildi.

Shundan so‘ng deputatlar o‘z ishlarini «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qilish bilan davom ettirdilar. Ta’kidlandiki, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida davlatimiz rahbari boshchiligida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Qonunga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar shu sohadagi huquqiy bazani mustahkamlashga va kelgusi yillarda murojaatlar bilan ish olib borish sifatli tashkil etilishini ta’minlashga qaratilgandir.

Shuningdek, deputatlar «Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Deputatlarning ta’kidlashicha mazkur qonun loyihasi joriy yil dekabr oyining uchinchi o‘n kunligida bo‘lib o‘tadigan Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga bo‘lajak saylovning qonunchilik asoslarini yaratish maqsadida ishlab chiqilgandir. O‘z navbatida, ilgari tugatilgan Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlarining qayta tiklanishi poytaxtdagi har bir tumanning o‘ziga xos xususiyatini hisobga olgan holda byudjet siyosatini yanada oqilona va manzilli olib borishga xizmat qiladi.

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining Axborot xizmati

2 058






Все о погоде - Pogoda.uz