Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2017 17:22 Chop etish versiyasi

Qonun ustuvorligi – adolat mezoni

Jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda inson manfaatlari hamda qonun ustuvor bo‘lgan, barcha tarmoqlar o‘z faoliyatini fuqarolar huquq va erkinliklarini himoyalashga safarbar etgan mamlakatda yuksalish bo‘ladi. Bunday davlat fuqarosi shu Vatanda aziz ekanligini his qilib, har tomonlama barkamollikka intiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash – amalga oshirilayotgan barcha islohotlar samaradorligining kafolatidir. Aholi turmush darajasini oshirish, mamlakatda tinchlik, totuvlik va barqarorlikni ta’minlashning eng muhim omilidir.

Mamlakatimizda inson, uning qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyatini qurishdek buyuk maqsadlar yo‘lidagi islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bunda inson huquq va erkinliklari ustuvorligini ta’minlash, xalqimiz hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat tuyg‘usini hayotimizda tom ma’noda qaror toptirish – davlat idoralari, shu jumladan, prokuratura organlarining ham eng asosiy vazifasi bo‘layotganini alohida ta’kidlash zarur.

Davlatimiz rahbarining “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan talablari prokuratura organlari xodimlarining kundalik faoliyatidagi asosiy qoidaga aylandi. Shu o‘rinda qayd etish zarurki, inson huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri fuqarolarning murojaatlarini qonuniy hal etishdir.

Biroq ayrim davlat organlari mas’ul xodimlari murojaatlarga bee’tibor bo‘lib, ularga panja orasidan qarashlari uchrayotgani kechirib bo‘lmas holdir. Masalan, To‘rtko‘l tumani arxitektura va qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi K.Durdiyev “Baxtli Temur” fermer xo‘jaligi rahbari I.Allabergenovning fermer xo‘jaligiga molxona, qorovulxona va texnika vositalarini ta’mirlash ustaxonasi qurish uchun ruxsat berish haqidagi murojaatini 6 oy mobaynida hech bir sababsiz o‘rganib chiqmagan. Mirzo Ulug‘bek tumani bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan 14 nafar fuqaroning murojaatlariga markaz direktori vazifasini bajaruvchi R.Saidahmedov ikki oy davomida javob xati yubormagan. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan shaxslar tegishli tartibda javogabgarlikka tortildi.

Prezidentimiz prokuratura organlari xodimlari bilan 2017-yil 7-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, xalq bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, sodda qilib aytganda, el-yurt ichiga kirish, uning dardi va tashvishi bilan yashash prokuratura xodimlarining eng dolzarb vazifasiga aylanishi zarur”, deb biz uchun murojaatlar va xalq bilan ishlash sohasidagi vazifani aniq belgilab berdi. Uchrashuvda prokuratura organlari faoliyatida boshqa yo‘nalishlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari ham ko‘rsatib o‘tildi. Davlatimiz rahbarining “Prokuratura organlari xodimlarining ishi katta mas’uliyat, fidoyilik, halollikni talab qiladi, qabul qilinayotgan har bir qaror zamirida inson taqdiri turadi. Shunday ekan, yetti o‘lchab bir kesish bu borada asosiy mezon bo‘lmog‘i shart”, degan so‘zlari har bir xodimdan o‘z faoliyatiga katta talabchanlik va yuksak mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishni taqozo etadi.

Barcha hududlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etilganligi davlat organlari, jamoat tashkilotlari bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar yechimini topish bo‘yicha davlat organlari mansabdor shaxslarining mas’uliyatini yanada oshiradi. Bunday qabulxonalar aholi, yoshlar va tadbirkorlar uchun ularning qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xalq qabulxonalarining asosiy maqsadi – hech bir murojaat e’tiborsiz qolmaydigan tizim yaratishdir. Shu bois mutasaddi idoralar bilan birgalikda joylarda fuqarolar bilan ochiq muloqotni to‘g‘ri tashkil etish, fuqarolar murojaatlarini to‘liq va muddatida ko‘rib chiqilishini ta’minlash prokuratura organlarining alohida mas’uliyatli vazifasi bo‘lib qoladi. Xalq ichida yurib, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga o‘z hissamizni qo‘shish uchun barcha kuch va g‘ayratimizni safarbar qilamiz.

Mirshod Boboyev,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
boshqarma boshlig‘i.

O‘zA
1 140






Все о погоде - Pogoda.uz