O‘zA O`zbek

24.08.2018 18:58 Chop etish versiyasi

Qonun ustuvor joyda erkinlik boʻladi

Qonun ustuvor joyda erkinlik boʻladi Sohibqiron Amir Temur taʻkidlaganidek, qayerda qonun hukmronlik qilsa, shu yerda erkinlik boʻladi.

Asrlar osha oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan bu purmaʻno hikmatda barcha fuqarolarning tinch va xotirjam hayot kechirishi, orzu-umidlariga erishishi, ertangi kunga ishonch bilan yashashi taʻminlangan jamiyat nazarda tutilgan. Jamiyatda aynan shu omillar taʻminlanishi uchun, avvalo, uning oʻzi hech kimga qaram boʻlmagan, yaʻni mustaqil va erkin boʻlmogʻi joiz.

Faqat mustaqillik atalgan bebaho neʻmat tufayli xalqimiz ana shunday roʻshnolikka erishdi. Bugun Oʻzbekiston dunyoda nafaqat tinch va osoyishta, balki iqtisodi eng tez rivojlanayotgan mamlakat sifatida tanildi.

Fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʻminlash, aholi farovonligini oshirish kun tartibidagi doimiy masalalardan hisoblanadi.

Xususan, sud tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, koʻrilayotgan har bir ish boʻyicha qonuniy, asoslantirilgan va adolatli sud qarori chiqarilishini taʻminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

– Bu jarayonda, eng avvalo, xalqimiz kutayotgan adolatli qarorlar qabul qilishga har tomonlama qodir, irodasi mustahkam, yuksak kasb va maʻnaviy fazilatlarga ega boʻlgan sud xodimlari tarkibini shakllantirishga alohida eʻtibor qaratilmoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov. – Ayniqsa, fuqarolarning sud idoralarida sarson-sargardon boʻlishining oldini olish, ishlarni oʻz vaqtida koʻrmasdan, odamlarni ovora qilgan sud xodimlariga munosib baho berilmoqda.

Sudyalar tomonidan aholi bilan joylarda ochiq muloqotlar tashkil etilayotgani, barcha toifadagi sud ishlarini sayyor sud majlislarida koʻrib chiqish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani aholi bilan ochiq muloqot, muhimi, sud hokimiyatining ochiqligi taʻminlanishiga zamin yaratdi.

Shu oʻrinda raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, joriy yilning birinchi yarmida fuqarolik sudlarida 120 mingga yaqin ish koʻrib chiqilgan boʻlsa, 43 mingga yaqini sayyor sud majlislarida hal etilgan. Jinoyat sudlarida 9 mingdan ziyod jinoyat ishi, yaʻni barcha ishlarning qariyb 45 foizi sayyor sud majlislarida koʻrib chiqildi. Maʻmuriy sudlar tomonidan 100 mingdan ortiq ish koʻrilib, shuning 55 foizdan ortigʻi, iqtisodiy sudlar tomonidan 262 mingdan ziyod ish koʻrilib, shuning 69 foizi bevosita joylarda, yaʻni sayyor sud majlislarida koʻrib chiqildi.

Sayyor sud majlislari fuqarolarning nafaqat huquqiy ongini oshirish, balki ularning sudga yaqinlashuvini taʻminlashda muhim oʻrin tutmoqda.

Prezidentning 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida sud organlari faoliyatining shaffofligini taʻminlash, aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirish va odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirishga qaratilgan amaliy ishlar boshlandi.

Joriy yilning olti oyi mobaynida bu borada sudlar tomonidan aholi bilan 13 mingga yaqin muloqot oʻtkazilgan boʻlsa, bundan keyin bu jabha yanada faollashadi.

Oliy sud veb-saytida sud qarorlarini tizimli ravishda eʻlon qilish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha ish olib borilmoqda. Sud qarorlaridan keng jamoatchilikning boxabar boʻlishi, shubhasiz, ularning qonunga muvofiq, adolatli qarorlar chiqarilishida muhim rol oʻynaydi.

Qabul qilingan sud hujjati oʻqib eshittirilganidan soʻng uning mazmun-mohiyatini sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirilishi sud amaliyotiga keng joriy etiladi. Buni avval faqat tajribali, oʻziga ishongan sudyalar oʻz faoliyatida qoʻllab kelgan boʻlsa, bundan keyin barcha sudya bunga amal qiladi. Bu esa suddan keyin paydo boʻladigan turli tushunmovchiliklarga chek qoʻyadi.

Sudlar faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning oʻrinbosarlari tomonidan brifinglar oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Bu ham sud faoliyatida ochiqlik taʻminlanishi kengayishi, pirovardida fuqarolarning sudyalar bilan bevosita muloqoti koʻpayishi evaziga ularning muammolari hal etilishi imkonini yanada oshiradi.

Fuqarolarning huquq va erkinliklari kuchaytirilishi sud amaliyotida oqlov hukmlari chiqarish koʻpayayotganida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda. 2018 yilning birinchi yarmida jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 26 ming 442 shaxsga nisbatan 20 ming 283 ish koʻrib chiqilgan boʻlsa, 375 shaxs oqlandi va reabilitatsiya qilindi. Sudlangan shaxslar soni 19 ming 683 nafarni tashkil etgan boʻlsa, shundan faqat 4 ming 828 shaxsga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 13 ming 657 nafar shaxsga boshqa turdagi jazolar tayinlandi. 1 ming 198 shaxs shartli hukm qilindi.

Shuningdek, 1 ming 770 shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ozod qilindi. 15 ming 504 nafari jazoni oʻtash muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 4 ming 791 nafariga tayinlangan jazo yengili bilan almashtirildi. 4 ming 101 shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qoʻyilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.

Yarashuv institutining samarali qoʻllanilishi natijasida 4 ming 634 shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi. Yetkazilgan 196,1 milliard soʻmdan ziyod moddiy zararning oʻrnini qoplagan 2 ming 226 shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlandi.

Bu raqamlar zamirida, albatta, fuqarolarning huquqiga, erkinligiga yon bosish, ularning manfaatlarini taʻminlash yaqqol namoyon.

Norgul Abduraimova, OʻzA
2 165