Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.08.2017 15:42 Chop etish versiyasi

Qonun loyihasi muhokama qilindi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda Fan va texnologiyalar agentligi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasining «Ilmiy va innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, ekspertlar, soha mutaxassislari va olimlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Partiya siyosiy kengashi raisi N.Umarov, Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktori M.Boltaboyev va boshqalar mamlakatimizda ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish, innovatsion faoliyatni yanada jadallashtirish yo‘lidagi dolzarb masalalarga izchil yechim topish, milliy innovatsiya tizimining shakllanish jarayonini tahlil qilish, uning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Zamonaviy taraqqiyot tendensiyasi shuni ko‘rsatmoqdaki, iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishini rag‘batlantirish, ilg‘or ilm-fan yutuqlarini iqtisodiyot tarmoqlariga joriy qilish barqaror iqtisodiy o‘sishning bosh omili hisoblanadi.

Mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish, iqtisodiyoti eng rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin egallashida innovatsiyalar muhim ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish hamda davlatni demokratik yangilashda fanning rolini kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, innovatsiyalarni real iqtisodiyotga jalb etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish uchun davlat byudjetidan mablag‘lar ajratilmoqda, ishlab chiqarish tuzilmalari innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlamoqda.

– Yangi qonunning qabul qilinishi innovatsiyalar va innovatsion faoliyat sohasida huquqiy maydonni takomillashtirish imkonini beradi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev. – Shuningdek, innovatsion faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi me’yorlar innovatsion tadbirkorlik sohasida zarur huquqiy muhitni vujudga keltiradi.

Qonun loyihasi sohaga doir atamalarni bir xil talqin qilishga imkon beradigan tushuncha va me’yorlarni o‘z ichiga olgan. 39 moddadan iborat qonun loyihasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasida davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha organlar hamda ularning vakolatlari, ilmiy va innovatsion faoliyat subyektlari hamda ularning huquq va majburiyatlari aniq bayon etilgan.

Tadbirda qonun loyihasini yanada takomillashtirish, uni quyi palata muhokamasiga kiritish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
1 789






Все о погоде - Pogoda.uz