O‘zA O`zbek

11.04.2018 14:46 Chop etish versiyasi

Qonun loyihalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Fraksiya a’zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishi muhokamasiga kiritiladigan qonun loyihalarini muhokama qildi. Xususan, “Rekruting faoliyati to‘g‘risida”gi, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 1877 va 331-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihalari atroflicha muhokama qilindi.

“Rekruting faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur loyiha O‘zbekiston qonunchiligi amaliyotida birinchi marta 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining 207-bandiga muvofiq ishlab chiqilgan.

Yig‘ilishda rekruting faoliyati – ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish va ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash bilan bog‘liq rekruting xizmatlarini shartnoma asosida ko‘rsatish bo‘yicha yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bo‘lib, qonunning maqsadi ushbu sohadagi faoliyatni tartibga solishdan iborat ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasining nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Mazkur qo‘mita nomi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi deb o‘zgartirilishi taklif etildi.

* * *

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari va boshqa muhim hujjatlar deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Fraksiyasi a’zolari «O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 1877 va 331-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini muhokama qilib, o‘z nuqtai nazarini bildirdi.

Qonun loyihasi «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni kiritishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-2017 yillarda prokuratura organlari tomonidan tadbirkorlarga nisbatan 1621 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va 1170 ta ish bo‘yicha taftish tayinlagan. Bu kabi holatlar tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohasidagi davlat siyosati talablariga mutlaqo ziddir.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasida taftish muddati taftish o‘tkazuvchi shaxsning asoslantirilgan iltimosnomasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari roziligi bilan surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi bilan amaldagi uch oydan bir oy muddatga o‘zgartirilishi belgilangan.

Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishning protsessual mexanizmlari takomillashtirilishiga, iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilishning tezkorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qonunga xilof ravishda jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish holatlarining oldini olishga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining javobgarligini oshirishga ko‘maklashadi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
2 979