O‘zA O`zbek

23.04.2018 15:29 Chop etish versiyasi

Qonun loyihasi muhokama qilindi

“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish belgilangan.

Bugungi kunda mamlakatimizning istiqboldagi taraqqiyotini belgilab beruvchi eng muhim sohalardan biri bo‘lgan ta’lim tizimidagi tub yangilanishlar, rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalari milliy ta’lim tizimiga joriy etilayotganligi zaruratidan kelib chiqib, ushbu yo‘nalishdagi asosiy hujjat – “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi.

Mutasaddi vazirlik va idoralar mutaxassislari va ekspertlaridan iborat ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ayni kunlarda jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida bo‘lib o‘tgan “Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish istiqbollari” mavzusidagi davra suhbatida ham mazkur qonun loyihasi muhokama qilindi.

Tadbir O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Adliya, Oliy va o‘rta maxsus, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim vazirliklari, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida o‘tkazildi.

Davra suhbatida qonun loyihasini tayyorlash jarayonida 20 dan ortiq rivojlangan xorijiy davlatning ta’lim to‘g‘risidagi qonunchiligi o‘rganilgani qayd etildi. Yangi tahrirdagi qonun loyihasiga 36 ta yangi modda, amaldagi qonunning 33 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Shuningdek, qonun loyihasida katta yoshdagilar ta’limi, maxsus ta’lim, inklyuziv ta’lim, davlat – xususiy sheriklik, ta’lim sohasidagi davlat nazorati, ta’lim muassasalarining o‘zini o‘zi baholashi, ta’lim sohasida eksperimental va innovatsion faoliyat kabi yangi normalar nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkazish va fikr-mulohaza hamda takliflarni olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining interaktiv davlat xizmatlari yagona portaliga joylashtirildi.

Davra suhbatida qonun loyihasini maromiga yetkazish yuzasidan soha mutaxassislari, ekspertlar, deputatlar va partiya faollarining taklif-mulohazalari tinglandi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
6 710