O‘zA O`zbek

28.03.2019 Chop etish versiyasi

Qonun ijrosi yuzasidan kamchiliklar mavjud

Qonun ijrosi yuzasidan kamchiliklar mavjud

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining Xalq ta’limi vazirligi tizimida ijro etilishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga bag‘ishlangan majlis o‘tkazildi.

Barkamol avlod tarbiyasi – mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lidagi eng asosiy maqsadlarimizdan biri sifatida davlatimiz va jamiyatimizning doimiy diqqat markazida turadigan masaladir. Ayniqsa, bu borada bolalarning ma’naviy va jismoniy kamol topishida axborot xavfsizligini ta’minlash muhim vazifalar qatorida belgilanib, ushbu yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni shu maqsad yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Qonunning ijrosi senatorlar hamda ishchi guruh a’zolari tomonidan o‘rganilganda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ushbu hujjatning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish, unda belgilangan me’yorlarni to‘liq ijro etish maqsadida keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazilganligi e’tirof etildi.

Xususan, umumta’lim maktablarining o‘quvchilari o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, ularning mafkuraviy immunitetini kuchaytirishga bag‘ishlangan “Jaholatga qarshi ma’rifat” oyligi tashkil etilgan. Mazkur oylik doirasida tizimdagi 9 ming 628 ta umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining targ‘iboti, korrupsiya, odam savdosining oldini olish, inson huquqlari, sog‘lom turmush tarzi, diniy ekstremizm, terrorizmga qarshi kurashga oid mavzularda huquqni muhofaza qilish organlari vakillari, imom-xatiblar, mahalla faollari, jamiyatda obro‘ qozongan keksalar ishtirokida jami 50 mingdan ortiq seminar, davra suhbati, huquqiy targ‘ibot kechasi tashkil etilib, mazkur tadbirlarda jami 1,7 milliondan ortiq o‘quvchining ishtiroki ta’minlandi.

Biroq, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida qonunning ijrosi o‘rganilganida maktablarda ushbu hujjat targ‘iboti bo‘yicha qator kamchiliklar mavjudligi ham ko‘zga tashlandi. Jumladan, ta’lim muassasalarida qonun mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida tashkil etilgan seminarlar va davra suhbatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, hududiy Kengashlar deputatlari hamda Adliya vazirligi viloyat va tuman bo‘limlari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vakillari keng jalb etilmagan.

Aksariyat tadbirlar ko‘proq rasmiyatchilik yuzasidan tashkil etilganligi, bunda pirovard natijaga erishish, ya’ni bolalar, yoshlar va pedagoglarning Qonun maqsadi va vazifalarini chuqur anglash, yosh avlodda ular ongiga zarar yetkazuvchi axborotga nisbatan mafkuraviy immunitet hosil qilish kabi rejalar amalga oshirilmaganligi ta’kidlandi.

Qolaversa, joylardagi ta’lim muassasalariga qonun va qonunosti hujjatlari to‘liq yetib bormaganligi aniqlandi. Xususan, Andijon viloyatining Asaka, Shahrixon tumanlaridagi, Sirdaryo viloyatining Guliston shahri, Mirzaobod tumanidagi qator maktablarda qonun hujjatlari mavjud emasligi, Qonun ijrosi yuzasidan jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik yetarlicha yo‘lga qo‘yilmaganligi qayd etildi. Shu bilan birga o‘rganishlar jarayonida respublika maktablarida 278 nafar psixologga ehtiyoj borligi aniqlangan.

Majlis davomida qonunda belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha kadrlarni, tashkilotchilarni tayyorlash, ta’lim jarayoniga tegishli fanlarni joriy etishga, pedagoglar va ota-onalarda bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish ko‘nikmalarini hosil qilishga doir kompleks choralarni amalga oshirish ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi aytildi.

Majlis yakunida ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan qo‘mita qarori qabul qilindi.

1 131
Nurillo Nasriev, O‘zA