Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 19:05 Chop etish versiyasi

Qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati deputatlar diqqat markazida

17-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar ko‘plab masalalarni ko‘rib chiqdilar. Xususan, sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgan va yagona yaxlit hujjat – 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan qonun loyihalari muhokama qilindi.

Parlament quyi palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining majlislarida vazirliklar va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirokida dastlabki tarzda har tomonlama o‘rganib chiqilgan edi.

Majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini kafolatlash masalalariga qaratilayotgan katta e’tibor alohida ta’kidlab o‘tildi. Bunga esa, birinchi navbatda, qonuniylikni, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini va sudlar faoliyatida qonun ustuvorligini ta’minlash orqali erishish mumkin. Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun muayyan choralar ko‘rilmoqda. Xususan, so‘nggi oylarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlari qabul qilindi.

Amaliy muloqot chog‘ida parlament quyi palatasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlarida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida amaldagi qonun hujjatlarining takomillashtirilishi fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilganligini qayd etib o‘tdilar. Hozirning o‘zidayoq mazkur qarorlar xalq tomonidan ko‘tarinki ruh bilan qabul qilinib, bu haqda mamlakatimizning turli hududlariga bo‘lgan tashriflar chog‘ida deputatlar muloqot qilgan minglab fuqarolarimizning fikrlari guvohlik bermoqda.

Shu sababli deputatlar qonun loyihalarini hududlarda mavjud bo‘lgan muammolarni hal etish, odamlarning turmush sifatini yaxshilash, tadbirkorlik subyektlarining erkin faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishni ko‘zlab muhokama qildilar. Buning uchun, birinchi navbatda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari barcha institutlarining samarali faoliyatini ta’minlashda hakam o‘rnini tutuvchi sud tizimining ishi aniq, bir maromda borishi zarur.

Parlament a’zolari ta’kidlaganlaridek, sud tizimi benuqson ishlashi kerak. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunga va bir qator protsessual kodekslarga kiritilayotgan, yangidan tashkil etilayotgan ma’muriy va iqtisodiy sudlarning tegishli huquqiy bazasini yaratishi va, shu bilan birga, qabul qilingan sud hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishga doir bir-birini takrorlovchi instansiyalarni chiqarib tashlagan holda ishlarni ko‘rib chiqish tartibini soddalashtirishi lozim bo‘lgan o‘zgartish va qo‘shimchalar aynan shunga qaratilgan. Shuningdek, deputatlar tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlariga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash siyosatini amalga oshirayotgan, sud kadrlarini tanlash va joylashtirish uchun mas’ul organ deb hisoblanar edi. Bunda Komissiya, aniq huquqiy maqomga ega bo‘lmagan holda, o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirardi, sudyalarga nisbatan intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ishlarni qo‘zg‘atish, sudyalarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari tashabbusi bilan chiqish yuzasidan vakolatlarga ega bo‘lmagan. Mazkur qonun ushbu kamchiliklarning o‘rnini to‘ldirishga va konstitutsiyaviy organ maqomi ham berilib, tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining faoliyatini tartibga solishga qaratilgan.

Umuman olganda, majlis davomida ta’kidlanganidek, o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilganidan so‘ng yagona oliy organ – Oliy sud rahbarligida sudlar faoliyatining, ma’muriy sud ish yurituvi hamda xo‘jalik ish yurituvining o‘rniga – iqtisodiy ish yurituvining mustahkam huquqiy asoslari yaratiladi.

Muhokama qiziqarli bahs tarzida o‘tgan bo‘lib, bu kun tartibiga kiritilgan qonun loyihalarini har tomonlama ko‘rib chiqish imkonini berdi.

So‘ngra, deputatlar konstitutsiyaviy vakolatlariga muvofiq siyosiy partiyalarning 2016-yilda o‘z faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitdilar. Ushbu masala bo‘yicha barcha siyosiy partiyalar rahbarlari so‘zga chiqdilar. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda eng muhim davlat masalalarini hal etishda siyosiy partiyalarning roli va ta’siri, shuningdek, ularning parlamentdagi faoliyati sezilarli darajada kuchaydi. Bunga siyosiy partiyalarni rivojlantirish, ular faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan yaratilgan mustahkam huquqiy baza imkon berdi. Deputatlar siyosiy partiyalarning moddiy-moliyaviy, tashkiliy-kadrlar, boshqa imkoniyatlari o‘z dasturiy maqsadlari va vazifalarini amalda ijro etishda katta ahamiyatga ega ekanligini qayd etib o‘tdilar, shuning uchun ularni hamma bilishi va ularning ochiq bo‘lishi juda muhimdir.

Muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda deputatlar siyosiy partiyalarning 2016-yilda o‘z faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlarini ma’lumot uchun qabul qildilar.

Majlis davomida deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 
Qonunchilik palatasining Axborot xizmati

322






Все о погоде - Pogoda.uz