O‘zA O`zbek

30.08.2018 12:30 Chop etish versiyasi

Qonun hujjatlari soddalashtiriladi, qonunchilik bazasi esa qulaylashtiriladi

Qonun hujjatlari soddalashtiriladi, qonunchilik bazasi esa qulaylashtiriladi

Qonunlar mukammal va xalqchil boʻlsa, aholining uni qabul qilishi osonlashadi va oʻz-oʻzidan ularning ijrosi samaradorligi ortadi. Aksincha boʻlsa, ortiqcha sansolarlik yuzaga kelishi turgan gap.

Prezidentimizning 2018-yil 8-avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni ushbu sohadagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.

Tahlillar qonun ijodkorligiga zamonaviy tamoyillar joriy etilmagani samarasiz qonunlar yaratilishiga, idoraviy-meʼyoriy hujjatlar koʻpayib ketishiga sabab boʻlganini koʻrsatmoqda.

Raqamlarga murojaat qilsak, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi (Lex.uz)da jami 46 ming 805 normativ-huquqiy hujjat mavjud.

Oʻzbek tilida 14 ming 825 normativ-huquqiy hujjat boʻlib, ulardan 716 tasi qonundir. Qolganlari idoraviy-meʼyoriy hujjat va Oliy Majlis qarorlari, Prezident farmon va qarorlari, hukumat qarorlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlaridir.

Koʻrinib turibdiki, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda koʻpincha qonunga nisbatan qonunosti hujjatlariga tayanilgan. Normativ hujjatlarda esa turli huquqiy kolliziyalar, havolaki normalar, baʼzan esa boʻshliqlar ham boʻlgani sir emas.

Farmon bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasida bu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilandi.

Endilikda qonunchilik bazasini tizimlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifati oshiriladi. Shuningdek, ularning monitoringini takomillashtirish choralari koʻriladi.

Qonunlar, Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini qoʻllash, ular kuchga kirgan paytdan eʼtiboran ijrosini tashkil etish yuzasidan qoʻshimcha idoraviy hujjatlar qabul qilishga doir majburiyat yuklatilmagan holda amalga oshiriladi. Bu esa, oʻz navbatida, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartiradi.

Ayni paytda rasmiy manba maqomiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi – Lex.uz tizimini modernizatsiya qilishga kirishildi.

Aytib oʻtish joiz, saytdan foydalanuvchilar soni bir kunda oʻrtacha 20 mingdan koʻproqni tashkil etmoqda. Bu yil foydalanuvchilar umumiy soni oʻtgan yilga nisbatan 17,22 foiz ortgani kuzatildi.

Foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida milliy qonunchilikning mavzuli maʼlumotnomasi takomillashtiriladi. Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlariga daxldor qonunlar, chet el investorlari uchun muhim ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlarning xorijiy tillarga rasmiy tarjimasi yoʻlga qoʻyiladi.

Chunki saytdan Yer sharining deyarli barcha nuqtalaridan, xususan, Rossiya, Ukraina, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Germaniya, Janubiy Koreya kabi davlatlardan oʻn minglab kishilar foydalanmoqda. Biroq hozirgi kunda hujjatlar faqat oʻzbek va rus tilida. Shuning uchun qonun hujjatlarining xorijiy tillarga, xususan, ingliz tiliga tarjima qilinishini taʼminlash boʻyicha tegishli tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Maʼlumki, davlat organlari va tashkilotlarining “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomasi”, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari toʻplami” va “Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami”ga obuna boʻlishi 2019 yil 1 yanvardan toʻxtatiladi.

Ushbu toʻplamlar Lex.uz bazasiga oʻtkazilgan holda, yaʼni elektron koʻrinishda taqdim etiladi. Bunday yondoshuv, tabiiyki, sarf-xarajatlarni qisqartiradi. Foydalanuvchilarga qulaylik yaratadi. Taʼkidlash lozim, yuqorida qayd etilgan toʻplamlar arxivlar, axborot-resurs markazlarida saqlash uchun, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar talablariga koʻra bosma shaklda chop etilishi mumkin.

Hozirda Qonun hujjatlari milliy bazasidagi normativ-huquqiy hujjatlar toʻliq xatlovdan oʻtkazilmoqda. Dasturchilar bazadagi kodekslar, qonunlarni lotin grafikasiga oʻtkazish yuzasidan ham ish olib boryapti.

Xulosa qilib aytganda, ushbu farmonda belgilangan maqsad va vazifalarning oʻz vaqtida, sifatli bajarilishi samarali qonunchilik bazasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ravshan Sharopov,
“Adolat” huquqiy axborot markazi
direktori oʻrinbosari

OʻzA
1 972