Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.02.2017 16:26 Chop etish versiyasi

Qonun hujjatlari barchaga vaqtida yetkaziladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yangi qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish bo‘yicha samarali mexanizm yaratish zarurligini ta’kidladi. Zero, bu mexanizm aholining huquqiy madaniyati rivojlanishi, jamiyatda qonun ustuvorligi ta’minlanishining muhim shartlaridan biridir.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 8 fevraldagi «Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim qadam bo‘ldi. Qaror asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida Huquqiy targ‘ibot va axborot boshqarmasi tashkil etilayotgani shu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Poytaxtimizda «Qonun xujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirishning dolzarb masalalari» mavzuida tashkil etilgan konferensiyada shular haqida so‘z yuritildi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda deputatlar, davlat organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mas’ul xodimlari, olimlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi B.Matmurodov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A.Saidov, adliya vaziri M.Ikromov va boshqalar qabul qilingan qonun hujjatlari so‘zsiz va o‘z vaqtida bajarilishida ularni tezkorlik bilan tarqatish, mazmun-mohiyatini ijrochilarga va aholiga tushuntirish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari imzolagan «Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror shu maqsadga xizmat qiladi.

Bungacha qonun hujjatlarini tarqatish va targ‘ib qilish bo‘yicha yaxlit tizim shakllanmagani ayrim muammolarni keltirib chiqarayotgan edi. Shu nuqtai nazardan qarorda normativ-hukuqiy hujjatlarni tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish, ijrochilar va aholini qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyati haqidagi huquqiy axborot bilan ta’minlashning sifatini oshirish, ushbu sohadagi ishlarni tashkil etishga prinsipial yangi yondashuvlarni ishlab chiqishga qaratilgan vazifalar belgilandi.

Endilikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalarida tegishli qonun qabul qilingandan keyin uning ijrosini tashkil etish, ijrochilarga yetkazish va aholi o‘rtasida uning mohiyati va ahamiyatini tushuntirishni tashkil etishga mas’ul bo‘lgan aniq davlat organlari ko‘rsatiladi. Hujjat imzolangandan keyin unga mas’ul davlat organi yoki tashkiloti uning ijrosi, ijrochilarga yetkazilishi hamda mohiyati va ahamiyatining aholi o‘rtasida tushuntirilishi yuzasidan chora-tadbirlar rejasini tasdiqlaydi.

Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni axborot-tahliliy materiallari bilan birga tarqatish amaliyoti joriy etiladi. Shu maqsadda qonun hujjatlarini tarqatish tartibi va muddatlari muxtasar bayon etilgan qonun xujjatlarini tarqatish, ularning mohiyati va ahamiyatini ijrochilar va aholiga tushuntirish sxemasi tasdiqlandi. Unga muvofiq Adliya vazirligiga Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga hujjatlarni axborot-tahliliy materiallar bilan joylashtirish majburiyati yuklandi. Chunki mazkur vazirlik davlat organlari va tashkilotlarning normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish bo‘yicha faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, uslubiy rahbarlik qilish va nazoratni amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi sifatida belgilandi.

Qarorda Adliya vazirligi zimmasiga sud ekspertizasi faoliyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish, sud ekspertlarini tayyorlash va malakasini oshirish sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish kabi vazifalar ham yuklatildi.

Qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun vazirlikda Huquqiy targ‘ibot va axborot boshqarmasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalaridagi hududiy bo‘limlari, Yuridik ta’lim va sud-ekspertiza faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etilmoqda.

Shuningdek, Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengashning yangilangan tarkibi tasdiqlanib, kengashning hududiy komissiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Konferensiyada qaror ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar haqida mulohazalar bildirildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
3 592






Все о погоде - Pogoda.uz