O‘zA O`zbek

18.05.2018 14:32 Chop etish versiyasi

Qondosh va jondosh xalqlar Toshkentda uchrashdilar

Qondosh va jondosh xalqlar Toshkentda uchrashdilar
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida joylashgan Xalqaro turkiy akademiya prezidenti Darxon Qidirali boshchiligidagi bir guruh olimlar, ijodkorlar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrif buyurdilar.

2018-yil Qozog‘iston va O‘zbekiston davlatlari tarixida samarali yil bo‘layotgani ommaviy axborot vositalarida alohida ta’kidlanmoqda.

2018-yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili, deb e’lon qilingani va O‘zbekistonda buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev chiqargan qaror ming yillik tarixga ega ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamladi.

Shu yilning 11 may kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida joylashgan Xalqaro turkiy akademiya prezidenti Darxon Qidirali boshchiligidagi bir guruh olimlar, ijodkorlar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrif buyurdilar. Xalqaro turkiy akademiya va universitet olimlari hamkorlikda o‘tkazgan“Jahon turkologiyasida o‘zbek tilining o‘rni va xalqaro hamkorlik istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ikki mamlakat rahbarlarining qarorlariga amaliy javob bo‘ldi.

Konferensiya ishi ishtirokchilar tomonidan Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambar qo‘yishdan boshlandi. Anjumanda Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasining raisi, Qozog‘iston davlat mukofoti laureati, shoir Yesdavlat Ulug‘bek, Qozog‘iston Fanlar akademiyasi Muxtor Avezov nomidagi adabiyot va san’at institutining direktori, akademik Ualixan Kalijanov, Qozog‘iston Respublikasi Markaziy davlat muzeyining direktori Nursan Alimboy, “Mag‘jon” adabiy-badiiy jurnali bosh muharriri Jarasbay Sulaymonov, O‘zbekiston Xalq shoiri Usmon Azim va boshqa bir qator olim va ijodkorlar mazkur tadbirning katta ijtimoiy va siyosiy ahamiyati haqida so‘z yuritdilar.

Konferensiyaning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan ToshDO‘TAU rektori Shuhrat Sirojiddinov o‘zbek tili hamda barcha turkiy tillar taraqqiyoti va rivojlanish tarixini o‘rganish, mavjud qarashlarni va manbalarni qayta tahlil qilish turkiy xalqlarning qadimiy va boy tarixini kengroq anglashga zamin yaratishini ta’kidladi. Xalqaro turkiy akademiya prezidenti Darxan Qidirali ham ToshDO‘TAU tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu konferensiyani o‘tkazish bundan keyin an’anaga aylanishini va aynan shu konferensiya davomida turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, tili va adabiyotiga doir yirik tadqiqotlar bilan tanishish hamda jahon hamjamiyatiga ma’lum qilish imkoni yaratilajagini qayd etdi.

Mazkur konferensiyaga Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya kabi davlatlardan yetakchi turkolog olimlar hamda Toshkentdagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev tashrif buyurdilar va anjumanning xalqaro miqyosdagi ahamiyati haqida so‘zladilar. O‘zbekistonda ilk bora o‘tkazilayotgan bu anjumanning asosiy maqsadi turkiyzabon davlatlar o‘rtasidagi madaniy, ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash, turkologiyaning barcha sohalari rivojiga munosib hissa qo‘shishdan iboratdir.

Tadbirda qozoq xalqining ulug‘ shoiri Mag‘jon Jumaboyning o‘zbek tiliga qilingan “Tanlangan asarlar”i taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Mag‘jon she’rlaridan, dostonlaridan va ilmiy maqolalaridan namunalarni o‘zbekchaga Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Muzaffar Ahmad mahorat bilan tarjima qilgan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Nasimxon Rahmonov mazkur kitobga Mag‘jon ijodining tub mohiyatini ochib beradigan salmoqli maqola yozgan. Muzaffar Ahmad Mag‘jon Jumaboy asarlaridan namunalarni mahorat bilan tarjima qilgani uchun, Nasimxon Rahmonov turkologiya ilmining jahon miqiyosida yoyilishiga va tarixiy ildizlarini tadqiq etishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Xalqaro turkiy akademiyaning kumush medali bilan mukofotlandi. Mukofotlarni Xalqaro turkiy akademiya prezidenti Darxon Qidirali topshirdi.

Nodirbek Jo‘raqo‘ziyev,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili 
va adabiyoti universiteti o‘qituvchisi

3 292