O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Qomusimizning bosh maqsadi xalq manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan

Qomusimizning bosh maqsadi xalq manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan

8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 

Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lgan Konstitutsiyamiz yurtimizda demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Asosiy qonunimiz negizida yaratilgan Harakatlar strategiyasi bugungi kunda Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishda, innovatsion va industrial rivojlanish sari odimlashda beqiyos o‘rin tutmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan "Konstitutsiya – xalqimiz yuksak huquqiy madaniyati va tafakkurining mahsuli" mavzusidagi davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi.

Markaz rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, senator va deputatlar, sudyalar, Bosh prokuratura akademiyasi, IIV malaka oshirish instituti mas’ul xodimlari ishtirok etgan tadbirda yurtimizda inson huquq va erkinliklarini qonuniy himoya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar qilinayotgani qayd etildi.

Anjumanda sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida tizim fuqarolarning huquq va erkinlarini ta’minlash bo‘yicha izchil faoliyat yuritayotgani, xalq bilan muloqot qilish ko‘lami kengaygani ta’kidlandi. Joylarda, aholi orasida sayyor qabulllar o‘tkazish amaliyoti tufayli odamlarga huquqiy yordam ko‘rsatish, huquqlarini tiklashga ko‘maklashish bilan bir qatorda amaliy yordam ham berilmoqda.

Bularning barchasi Bosh qomusimizda kafolatlangan inson huquq va erkinliklari oliy qadriyatligi, qonun bilan himoya qilinishi, davlat tomonidan ta’minlanishiga oid me’yorlarning amaliy ifodasidir.

Qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini ijrochilar va aholiga o‘z muddatida yetkazib berish borasida ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani yurtdoshlarimizning huquqiy ongi oshishiga xizmat qilmoqda.

3 033
N.ABDURAIMOVA, O‘zA