O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

Qolipli non erkin narxda sotiladi, ammo davlat standartiga nomuvofiq tarzda emas !

Qolipli non erkin narxda sotiladi, ammo davlat standartiga nomuvofiq tarzda emas !

2019 yil 14 oktabrda “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 866-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, qolipli non mamlakatimiz ichki bozorlarida erkin narxda sotilishi belgilandi.

“O‘zstandart” agentligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, qolipli non mahsuloti belgilangan standart talablariga mos kelishi kerak. Xususan, muvofiq shaklga ega, ortiqcha qismlar bo‘rtib chiqmagan bo‘lishi lozim. Sezilarli yoriqlar, ortiqcha shakllar bo‘lmasligi ham maqsadga muvofiqdir. 

Shuningdek, rangi och-sariqdan to‘q jigarranggacha bo‘lishi belgilangan. Ta’mi an’anaviy non mazasidan o‘zgartirilishi standart talablariga ziddir va albatta, qolipli non mahsulotlari yaxshi pishgan holda savdoga chiqarilishi shart. Bunda elastiklik darajasi barmoq bilan yengil bosganda o‘z shakliga qaytishi lozim. 

Qayd etilishicha, qolipli non mahsuloti 500 gramdan 1,1 kilogrammgacha massada ishlab chiqarilishi mumkin.

Afsuski, ushbu qaror tatbiqi doirasida tadbirkorlar tomonidan chakana savdoga qo‘yilgan tayyor mahsulot ushbu talablarga javob bermasligi, narxlar esa asossiz ravishda oshirilgani kuzatilmoqda. 

Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Jomboy tuman davlat soliq inspeksiyasi, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti hamda sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi xodimlari bilan “Juriyat“ dehqon bozorida nazorat tadbiri o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, non savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar G.T., G.H. hamda D.Q.lar tomonidan sotilayotgan non mahsulotlari vazni davlat standartidan 150 grammgacha kam ekanligi aniqlandi. 

Bundan tashqari, tayyor mahsulot sifati va elastiklik darajasi ham davlat standartiga nomuvofiq holda sotilmoqda.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan tadbirkorlarga kamchiliklarni bartaraf etish tavsiyalari berildi.

Hozirgi kunda Jomboy tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan aholi o‘rtasida qolipli nonning texnik reglament talablari tushuntirildi.

Iste’molchi mahsulot xarid qilishda mahsulotning standart me’yorlarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat talab qilish huquqiga ega ekanligi uqtirildi. 

F.Bahriev, 
Jomboy tuman Iste’molchilar 
huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi

648
O‘zA