O‘zA O`zbek

08.08.2018 20:04 Chop etish versiyasi

Qoidabuzarlikning bittasi ham ko‘p

Prezidentimiz raisligida joriy yil 27 iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarning bugungi holati muhokama qilinib, jumladan, yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Bu boradagi eng asosiy muammo haydovchi va piyodalarning bilimi, ko‘nikmasi, qonunga itoatkorlik, boshqa yo‘l harakati ishtirokchilariga o‘zaro hurmat madaniyatining o‘ta pastligi ekani ta’kidlandi.

Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida videoselektorda tanqid qilingan masalalar bo‘yicha viloyatdagi holat atroflicha tahlil etilib, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Jumladan, yo‘llarning ahvolini o‘rganish, yo‘l belgilarini bosqichma-bosqich zamonaviysiga almashtirish maqsadida xatlovdan o‘tkazish, yo‘l harakati ishtirokchilarining bilimi va qoidalarga rioya qilish madaniyatini oshirish chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda.

Viloyat IIB YHXB dan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yilning o‘tgan davridaavtomobil yo‘llarida 98 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlangan. Shundan 1 ming 273 holatda transport vositasini mast holda boshqarish aniqlangani yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasidagi targ‘ibot-tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirishni taqozo etadi. Ushbu holatlar bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, sud muhokamasiga yuborildi va 803 nafar haydovchi ma’lummuddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.

Namangan shahri hududida harakat xavfsizligini ta’minlash, transport vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni “izi sovimasdan” fosh etish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida oltita chorrahaga foto-video kuzatuv moslamasi o‘rnatilgan. 2017 yilning noyabr-dekabr va joriy yilning o‘tgan olti oyida ushbu chorrahalarda faqat bitta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgani zamonaviy texnologiyalarning ahamiyati nechog‘li muhim ekanini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, viloyat IIB YHXB ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi, 1-, 2-tumanlararo ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalarida ham ish jarayonini videokuzatuv moslamalari orqali nazorat qilish tizimi joriy etildi. Bunda asosiy e’tibor imtihon olish va davlat raqami belgilari berilishini ekran orqali nazorat qilib borishga qaratilyapti.

Yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda texnik ko‘rikning o‘rni nihoyatda muhim va joriy yildan boshlab viloyatda bu jarayon yangi texnologiyalar asosida o‘tkazilmoqda. O‘tgan davrda yuridik shaxslarga tegishli 4 ming 500 dan ortiq va jismoniy shaxslarga tegishli 44 ming 800 ga yaqin transport vositasi texnik ko‘rikka jalb etildi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda muntazam reydlar o‘tkazilmoqda. Yo‘l-transport hodisalarining ahvoli, harakat xavfsizligini ta’minlashdagi muammolar, yo‘lovchi va yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi transport vositalarining texnik tayyorgarligi hamda ko‘chalardagi kamchiliklar o‘rganilib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Yo‘lovchi tashuvchi transport vositalarining harakatini tartibga solish maqsadida 14 guruh tashkil etilgan. O‘tgan davr mobaynida ular tomonidan noqonuniy faoliyat yuritgan 364 nafar haydovchiga nisbatan to‘plangan materiallar chora ko‘rish uchun soliq idoralariga yuborildi.

Joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlardan tashqari bosma nashrlar, televideniye va radio orqali ham muntazam targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlash ishlari samaradorligini oshirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida 50 ming dona “Eslatma” tayyorlanib, haydovchilarga tarqatildi. 85 YPX inspektori slueti, 22 tungi paytda miltillovchi avtomaket hamda yirik hajmli 46 ta banner tayyorlanib, yo‘llarga o‘rnatildi.

Shu kabi profilaktik tadbirlar tufayli viloyatda yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 foizga, o‘lim bilan bog‘liq avtohalokatlar 1,2 foizga kamaygan.

Akromjon Sattorov, O‘zA
2 160