O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Qodiriyni eslab...

Qodiriyni eslab...
Abdulla Qodiriy tavalludining 125-yilligiga

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida atoqli adib Abdulla Qodiriy ijodiga bagʻishlangan “Qodiriyni eslab...” nomli maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizda milliy adabiyotimiz ravnaqiga katta hissa qoʻshgan yozuvchi va shoirlar merosini asrab-avaylash, ularning ijodini batafsil oʻrganish, yosh avlodda milliy adabiy merosimizga hurmat va ehtirom tuygʻularini mustahkam qaror toptirish masalasiga doimiy eʼtibor qaratilmoqda.

Shu kunlarda mamlakatimizda buyuk adib Abdulla Qodiriy tavalludining 125-yilligiga bagʻishlangan davra suhbatlari, adabiy anjumanlar, uchrashuvlar boʻlib oʻtmoqda. Yozuvchi asarlarida ifodalangan betakror milliy ruh, oʻziga xos ohang, yuksak insonparvar gʻoyalar oʻquvchini takror-takror uning kitoblariga murojaat etishga undaydi.

– Bobomizning asarlarida ilgari surilgan gʻoyalar insonparvar, erkparvarligi bilan oʻquvchi eʼtiborini oʻziga jalb etadi, – dedi Abdulla Qodiriyning nevarasi Oʻlmasxon Rahimova. – Biz, ijodkor avlodlarining aksariyati tibbiyot, oʻqituvchilik sohalarida mehnat qilsak-da, hamon Qodiriy asarlarining mazmuni, magʻzini muhokama va tahlil etishni yoqtiramiz. Doim buyuk adib bobomizga munosib voris boʻlishga astoydil intilib yashaymiz.

– Abdulla Qodiriy oʻzbekning yuzi, madaniyati, mentalitetini, milliy tabiatini oydek ravshan koʻrsatib bergan adib, – dedi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti katta oʻqituvchisi Anvar Yusupov. – Uning asarlari nemis tiliga ham tarjima etilgan. Hozirgi kunda Yevropada qariyb 140 million odam nemis tilida soʻzlashadi. Germaniyadagi yirik kutubxonalarda Qodiriy asarlarini topib mutolaa etish mumkin. Biroq ushbu asarlar ona tilimizdan emas, boshqa tildan nemis tiliga oʻgirilgan. Endilikda esa Qodiriy asarlarini bevosita oʻzbek tilidan olmon tiliga tarjima qilish ustida jadal ish olib borilmoqda. Bu esa adibning oʻquvchiga aytmoqchi boʻlgan fikrlarini teranroq yetkazishda juda muhimdir.

Tadbirda Qodiriy merosining badiiy, tarbiyaviy ahamiyati haqida batafsil soʻz yuritildi.

1 990
N.USMONOVA, OʻzA