Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.01.2018 09:03 Chop etish versiyasi

Qo‘y o‘g‘risi qo‘lga olindi

Denov tumanining Obodon mahallasida yashaydigan 26 yoshli N.A. qo‘y o‘g‘irlab sotayotganda ashyoviy dalillar bilan tumshug‘idan ilindi.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi Yangiobod mahallasida yashovchi X.K. Qumqo‘rg‘on tumani ichki ishlar idorasiga sakkiz bosh qo‘yi tunda o‘g‘irlab ketilganini xabar beradi. Shu kuni tergov tezkor guruhi voqea sodir bo‘lgan joy va uning atrofini o‘rganganida, voqea joyidan bir kilometrcha uzoqlikdagi adirda “Jiguli” avtomashinasiga tegishli izlar, “KENT-6” sigaretining qoldig‘i, sport kiyimining aksiz markasi qolgani aniqlanadi.

Yo‘qolgan qo‘ylarni topish uchun tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari guruhlarga bo‘linib, zudlik bilan Surxondaryo viloyatidagi barcha mol bozorlarda kuzatuv ishlarini olib bordi. Sariosiyo tumanidagi Payshanba mol bozorida qulog‘iga qo‘shimcha plastina sirg‘a taqilgan ikki bosh qo‘y ularda shubha o‘yg‘otdi. Chunki, yangi sirg‘a taqilgan qo‘ylarning quloqlarida qotib qolgan qon dog‘lari bor edi. Qo‘ylar surishtiruv ishlari olib borish uchun Sariosiyo tumani ichki ishlar bo‘limiga olib kelingach, masala oydinlashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, N.A. tanishi R.X. ga kechki payt qo‘ng‘iroq qilib, uning “Jiguli” rusumli avtomashinasida Qumqo‘rg‘on tumanidagi qo‘ylarini olib kelishni iltimos qilgan. Tungi payt Qumqo‘rg‘on tumaniga yetib kelgach, N.A. “o‘ljasi” saqlanayotgan molxonadan bir kilometrcha uzoqlikda avtomashinani to‘xtatgan. Soat tungi 23 larda R.X. “Jiguli”si yonida qolgan. N.A. fuqaro X.K.ning yashash uyi molxonasi yoniga kelib, atrofni obdan kuzatgan. Hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, molxonadagi 20 bosh qo‘yni haydab, mashinagacha olib kelgan. 8 bosh qo‘yni “Jiguli”ga yuklagan. Yengil mashinaga sig‘magan 12 boshini adirda qoldirib, juftakni rostlagan. Aylanma yo‘llar orqali Denov tumanidagi Qoraxon mahallasiga kelib, tungi soat ikkilar atrofida olti bosh qo‘yni uch million 700 ming so‘mga R.O.ga sotib yuborgan. Qolgan ikki bosh qo‘yni kunduz kuni tushgacha Denov tumanidagi Bahoriston mahallasida yashovchi Sh.X.ga sakkiz yuz ming so‘mga pullagan.

Shunday qilib, Qumqo‘rg‘onda yo‘qolgan qo‘ylar Denov va Sariosiyo tumanidan topildi. N.A. esa yangi yilni ichki ishlar idorasida kutib oldi.

Ayni paytda N.A.ning boshqa jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan qo‘shimcha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
6 464