O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Qo‘shtepada yangi markaz ish boshladi

Qo‘shtepada yangi markaz ish boshladi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan sana arafasida Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani Davlat xizmatlari markazi uchun yangi bino foydalanishga topshirildi.

Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumani 1952 yilda Markaziy Farg‘ona cho‘llarini o‘zlashtirish jarayonida tashkil etilgan. Hududda 148 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ayni kunlarda tumanda 1 ming 802 tadbirkorlik sub’ekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning 11 oyi davomida 244 yangi kichik biznes sub’ekti tashkil etildi. Tuman Davlat xizmatlari markazi avval moslashtirilgan binoda joylashgan edi. Aholi qatnovning noqulayligi sabab davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishda biroz qiyinchiliklarga uchrayotgandi. Yangi bino esa keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Davlat xizmatlari markazining tantanali ochilish marosimida keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, mahalla faollari, ibratli yoshlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Markaz binosi milliy arxitektura va dizayn bilan uyg‘unlashgan holda bunyod etilgan. Elektron navbat, infokiosk, kutish zali, bolalar maydonchasi tashkil etilgan. Tashrif buyuruvchi har bir mijoz infolend orqali ko‘rsatiladigan barcha xizmatlar haqida to‘liq ma’lumot olishi mumkin.

Markazda bir vaqtning o‘zida 20, bir kunda 500 fuqaroga xizmat ko‘rsatish imkoni mavjud. 3 monitorda 130 dan ortiq davlat xizmatlari yuzasidan ma’lumotlar taqdim etib boriladi.

Shu binoda tadbirkorlar uchun Bosh vazir qabulxonasi ham ish boshladi.

1 565
M.SULAYMONOV, O‘zA