Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.01.2018 18:57 Chop etish versiyasi

Qo‘shtepada ahvol o‘zgardimi?

Qo‘shtepada ahvol o‘zgardimi?
O‘zAda tanqid qilingach

Saytimizda 2017-yilning 23-avgust kuni “Qo‘shtepada tibbiy xizmat nega oqsamoqda?” sarlavhali tanqidiy maqola chop etilgan edi. Oradan ancha vaqt o‘tdi. Xo‘sh, Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, qishloq oilaviy poliklinikalaridagi salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi? Biz mazkur tumanda bo‘lib, jarayon bilan yaqindan tanishdik.

Tuman hokimi B.Jumanovning ta’kidlashicha, tanqidiy maqolada ko‘tarilgan masalalar tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muhokama etilib, aniq chora-tadbirlar belgilandi. O‘tgan yilning sentabr oyida tuman tibbiyot birlashmasiga Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali bosh vrachi vazifasida ishlayotgan Baxtiyor Abdurahmonov rahbar etib tayinlandi.

– Haqiqatan ham qishloq oilaviy poliklinikalarimizda ba’zi muammolar yig‘ilib qolgan ekan, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i B.Abdurahmonov. – O‘tgan vaqt ichida biz ularni bartaraf etib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilashga alohida e’tibor qaratib kelmoqdamiz. Xususan, 88-qishloq oilaviy poliklinikasi ichki imkoniyatdan kelib chiqib, joriy ta’mirdan chiqarildi. Hududni obodonlashtirish, tor doiradagi mutaxassislar bilan ta’minlash masalasi ham hal etildi. “Garmdon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi tez tibbiy yordam stansiyasi filiali avariya holatida bo‘lganligi uchun yopildi. “O‘zbekiston” qishloq vrachlik punktidagi shifokorlar uyi esa ta’mirlanib, barcha sharoitlar yaratildi.



Tumanda ilgarigi QVPlar maqbullashtirilib, ular negizida zamon talablariga mos 4 qishloq oilaviy poliklinikasi tashkil etilgan. Endi odamlar vaqt va mablag‘ sarflab tuman yo viloyat markaziga borishiga hojat qolmadi. Qishloqning o‘zida zamonaviy tibbiyotning barcha yutuqlaridan bahramand bo‘lish imkoniyati mavjud. Shuningdek, o‘tgan davrda 5 shifokorlar uyi tashkil etilib, ularda barcha sharoitlar yaratildi.



87-qishloq oilaviy poliklinikasida 11 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu yerda tibbiy ko‘riklarni yuqori darajada o‘tkazish uchun barcha sharoit mavjud. Sakkiz nafar shifokor, o‘ttizga yaqin o‘rta tibbiyot xodimi bemorlar xizmatida. Qon tahlillari, UTT tekshiruvi ham shu yerning o‘zida o‘tkazilmoqda. Patronaj hamshiralari uyma-uy yurib, aholi salomatligini nazorat qilish bilan birga, oilalarda tibbiy madaniyatni qaror toptirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

Ayni kunlarda tibbiyot maskanlarida qish mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazish ham doimiy e’tiborda. Buning uchun ular yetarli ko‘mir zaxirasi bilan ta’minlangan. Biz tuman markaziy shifoxonasining Langar bo‘limida bo‘lganimizda barcha xonalar yaxshi isitilayotganligini ko‘rdik. Albatta, muammolar joyida hal etilsa, aholining haqli e’tiroziga o‘rin qolmaydi. Buni Qo‘shtepa tuman tibbiyot tizimida qisqa davrda amalga oshirilgan ishlar ham yaqqol ko‘rsatib turibdi.

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA
1 637