O‘zA O`zbek

04.07.2018 13:14 Chop etish versiyasi

Qo‘shrabotga 169 nafar shifokor zarur

Qo‘shrabotga 169 nafar shifokor zarur
Qo‘shrabot – Samarqand viloyatining olis tumanlaridan. 125 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan hududda aholining o‘sish dinamikasi 2,2 foizni tashkil etadi. Bugungi kunda tumandagi davolash-profilaktika muassasalarida 131 shifokor, 851 o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, yana 169 nafar oliy ma’lumotli shifokorga ehtiyoj bor.

Har yili tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarini qo‘shrabotlik o‘nlab yoshlar bitiradi. Lekin, aksariyati qishlog‘iga qaytib kelmaydi. Samarqand, Toshkent va boshqa shaharlarda ishlashni afzal biladi.

– Joriy yilda oliy ta’lim muassasalarini bitirgan yosh mutaxassislar yo‘llanma asosida o‘zi tug‘ilib o‘sgan hududiga ishga yuborildi, – deydi Qo‘shrabot tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i B.Egamberdiyev. – Bizning tumanimizga ham 18 nafar yigit-qiz ishga keldi. Institutni bitirish arafasida uchrashib, tumanda ularga barcha sharoitlarni yaratib berishimizni bildirdik. Ular kelganidan so‘ng umumiy amaliyot shifokori sifatida qishloq vrachlik punkti, oilaviy poliklinikaga ishga joylashtirib, turar joyga ehtiyoji borlarini uy bilan ta’minladik. Har biriga velosiped berdik. Hozir ham yurtimizning turli hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan qo‘shrabotlik vrachlar tumanimizga kelib ishlash istagini bildirsa, barcha sharoitni yaratib berishga tayyormiz. Shu maqsadda tuman hokimligi bilan hamkorlikda mamlakatimiz tibbiyot institutlari professor-o‘qituvchilari, tajribali shifokorlar hamda tumanimizda tug‘ilib o‘sgan va ayni paytda boshqa joylarda mehnat qilayotgan hamkasblarimizni “Qo‘shrabot chorlaydi!” deb nomlangan tadbirga taklif etdik.

Tadbir ishtirokchilariga tumandagi tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholiga tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

2011 yilda mukammal ta’mirlangan tuman markaziy shifoxonasi bugungi kunga kelib ta’mirtalab bo‘lib qolgan edi. Yaqinda muassasa 167 million so‘m mablag‘ hisobiga ta’mirdan chiqarildi. Kuz-qish mavsumi oldidan isitish tizimi mukammal ta’mirlandi. Jarrohlik bo‘limi rekonstruksiya qilinib, 4 ta alohida operatsiya zali tashkil etildi va zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Bo‘limda bir nechta murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Xodimlarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun 300 kishiga kredit asosida “Uzmobile” telefon apparati olib berildi. Zamonaviy tez tibbiy yordam mashinalari xarid qilingani va mavjudlari mukammal ta’mirlangani tibbiy xizmat samaradorligini yanada oshirmoqda.

“Qo‘shrabot chorlaydi!” tadbirida tuman tibbiyot birlashmasi oldida turgan vazifalar, mavjud muammolar qayd etilib, intellektual salohiyatli, yuksak bilim va tajribaga ega yosh kadrlarni tumandagi tibbiyot muassasalariga ishga taklif etish masalalari muhokama qilindi.

G‘.Hasanov, O‘zA
4 147