O‘zA O`zbek

31.08.2018 17:54 Chop etish versiyasi

Qoʻshma ishchi guruh faoliyatini boshladi

Qoʻshma ishchi guruh faoliyatini boshladi Avval xabar qilganimizdek, shu yilning 8 avgust kuni “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Alisher Sultonov va AQSHning “Air Products” kompaniyasi ijrochi direktori, prezidenti va direktorlar kengashi raisi Seyfi Gasemi oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga eʼtibor qaratilib, tomonlar qoʻshma ishchi guruhini tuzish va ikki oy muddatda neft-gaz, kimyo va metallurgiya sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish borasida aniq takliflar ishlab chiqishga kelishib olingan edi.

Shu munosabat bilan joriy yil 28-29 avgust kunlari “Air Products” kompaniyasining Yevropa va Afrika mintaqalari boʻyicha prezidenti Ivo Bols rahbarligida AQSH delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.

Oʻzaro kelishuvga muvofiq, poytaxtimizda mazkur qoʻshma ishchi guruhining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasining yoqilgʻi-energetika kompleksiga kiruvchi korxonalar va “Air Products” kompaniyasi mutaxassislaridan tashkil topgan ushbu guruh ishi “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va “Air Products” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlikni davom ettirish va mustahkamlashga qaratildi.

Uchrashuvda taʼkidlanganidek, Seyfi Gasemining tashrifi davomida mamlakatimizdagi yoqilgʻi-energetika sohasidagi korxonalar va “Air Products” kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik boʻyicha ish rejasi jadvali imzolangan edi.

Yigʻilishda ushbu ish rejasi jadvalida belgilangan tadbirlarning bajaralish holati muhokama etildi. Shuningdek, ishtirokchilar “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining 2030 yilga qadar uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash boʻyicha loyihalar, MTO loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish holati bilan yaqindan tanishdi hamda ularni bajarishda keyingi aniq qadamlar belgilab olindi.

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA
1 494