Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.01.2018 16:01 Chop etish versiyasi

Qo‘shiqlar saviyasi uchun barcha birdek mas’ul. Xonanda va bastakorlar ishtirok etgan tadbirda yana shu haqda so‘z bordi

Tumtaroq, matni g‘aliz, ma’naviyatimizga zid so‘zlardan iborat qo‘shiqlarga barham berishda nainki madaniyat sohasi mutasaddilari, balki keng jamoatchilik, eng avvalo, ommaviy axborot vositalari xodimlari ham mas’uliyatni his etmog‘i zarur. Xonandalar-chi?...

Milliy matbuot markazida "O‘zbekkonsert" davlat muassasasining 2017-yildagi faoliyati va joriy yildagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida mazkur ijodiy tashkilot faoliyati xususida so‘z yuritilishi barobarida, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga barcha birdek mas’ul ekani ta’kidlandi.

Mazkur tadbirga xonandalar, sozanda va bastakorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi.

"O‘zbekkonsert" davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov va boshqalar mamlakatimizda milliy san’atimizni rivojlantirish yo‘lidagi amaliy g‘amxo‘rliklar, keng qamrovli chora-tadbirlar ulg‘ayib kelayotgan yoshlarni teran tafakkur, yuksak ma’naviyat sohibi etib tarbiyalashdek maqsadlarni ko‘zlashini ta’kidladi.

Prezidentimizning 2017-yil 15-fevraldagi "Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonining tegishli bandiga asosan "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi va "O‘zbekraqs" milliy raqs birlashmasi negizida "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi tashkil etildi. Mazkur muassasa faoliyati musiqa, xoreografiya va estrada san’atini rivojlantirishga, xalqimiz ma’naviyati, betakror madaniyatini yorituvchi yuksak saviyali asarlar yaratishga har tomonlama ko‘maklashishga qaratilgan.

2017-yil "O‘zbekkonsert" tomonidan jami 2 ming 600 dan ziyod jismoniy shaxsga – xonanda, so‘z ustasi, boshlovchi, sozanda, raqs ijrochisi, ma’mur, ovoz operatoriga, 23 ijodiy jamoa – yuridik shaxsga maxsus ruxsatnoma, litsenziya berildi.

Yosh iste’dodli xonandalarning kasbiy va ma’naviy kamol topishiga imkon yaratish, nafaqadagi ustoz san’atkorlarning samarali mehnatini, alohida ehtiyojli xonandalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 28 nafar xonanda davlat bojidan ozod etilib, ularga imtiyozli ravishda litsenziyalar rasmiylashtirildi.

Hisobot davrida Konsertlar va tomosha tadbirlarini tashkil etish ekspert komissiyasining yig‘ilishlariga asosan xonanda va jamoalarga 610 ta bir marotabalik konsert-tomosha ruxsatnomasi berilgan, ssenariy va konsert dasturidagi kamchiliklari uchun o‘ttizga yaqin murojaat rad etilgan. Konsert dasturlari ekspert komissiyasi tomonidan qaytarilishining asosiy sabablari – musiqiy dastur tashkilotchilariga bo‘lgan ishonchsizlik, avvalgi konsertlarda yo‘l qo‘yilgan jiddiy xatolar hamda ssenariylar g‘oyaviy saviyasining pastligi bilan bog‘liq.

"O‘zbekkonsert" davlat muassasasi huzurida "O‘zbekiston xalq artistlari klubi"ning tashkil etilgani ustoz-shogird an’analarini yanada rivojlantirish, mohir san’atkorlarni bolalar musiqa va san’at maktablariga, san’at yo‘nalishidagi o‘rta maxsus ta’lim maskanlariga biriktirish, mahorat saboqlarini muntazam yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda.

Milliy raqs san’atini rivojlantirish, san’atkor odobi, axloqi, muomala madaniyati, shoir, bastakor va xonanda o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga oid davra suhbatlari musiqa sohasida mehnat qilayotgan ijod ahli faoliyatini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.

– Prezidentimizning san’atga qaratayotgan yuksak e’tibori hech bir xonanda, sozanda, bastakorni befarq qoldirmayapti, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov. – Boy musiqiy merosimiz, ayniqsa, maqom san’atini yanada ravnaq toptirish, milliy raqs san’atini yangi bosqichga olib chiqish, ustoz san’atkorlarning boy ijodiy tajribasidan yoshlarni ko‘proq bahramand etish bo‘yicha avvallari misli ko‘rilmagan amaliy ishlarga qo‘l urilmoqda.

Matbuot anjumanida "O‘zbekkonsert" davlat muassasasining yangi ijodiy loyiha va rejalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
8 938