O‘zA O`zbek

09.08.2018 09:28 Chop etish versiyasi

Qo‘shimcha ichki idoraviy hujjatlar qabul qilish amaliyotiga barham beriladi

Qo‘shimcha ichki idoraviy hujjatlar qabul qilish amaliyotiga barham beriladi

Prezident 2018-yil 8-avgustda “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonga imzo chekdi.

Ushbu hujjat tizimlashtirilgan qonunchilik bazasini shakllantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan ta’minlanishini takomillashtirish, shuningdek, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil ro‘yobga chiqarish maqsadida ishlab chiqilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Farmonga muvofiq endilikda:

• qonunlar, Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini ishlab chiqish hamda qabul qilish tashabbusiga faqatgina ushbu tashabbus bilan chiqayotgan organlarning ko‘tarilayotgan masalalar yoki muammolarni amaldagi normalar va ma’muriy tartib-taomillar orqali hal qilish vakolati bo‘lmagan taqdirda yo‘l qo‘yiladi;

• qonunlar, Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlarini qo‘llash uchun qo‘shimcha ichki idoraviy hujjatlar (buyruq, farmoyish va h.k.) qabul qilish amaliyotiga barham beriladi;

• qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish chog‘ida unga, qoida tariqasida, qonun loyihasini amalga oshirishga doir tadbirlar rejasi ilova qilinadi. Bunda, tadbirlar rejasi Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlanadi;

• Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilingandan keyin alohida tadbirlar va nazorat rejalarini, shuningdek, “yo‘l xaritalari”ni qo‘shimcha tarzda tasdiqlash amaliyoti bekor qilinadi, bu narsalar o‘sha qarorning o‘zida nazarda tutiladi;

• yangi qonun hujjatini qabul qilish o‘xshash munosabatlarni tartibga soluvchi aynan bir xil yuridik kuchga ega hujjatni bekor qilish bilan bir vaqtda yoki unga taklif etiladigan o‘zgartishlar kiritish orqali, shu jumladan, uni yangi tahrirda bayon etgan holda amalga oshirilishi lozim.

O‘zA
2 075