O‘zA O`zbek

05.07.2019 Chop etish versiyasi

Qoʻshilgan qiymat soligʻi qanday hisoblanadi?

Qoʻshilgan qiymat soligʻi qanday hisoblanadi?

Namanganda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, qoʻmita huzuridagi Malaka oshirish markazi hamda “Soliq plyus” tahririyati targʻibot guruhi tomonidan seminar-trening oʻtkazildi. Unda viloyatda faoliyat yurituvchi 400 ga yaqin tadbirkorlik subyekti rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27-iyun kungi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash borasida yaratilayotgan keng imkoniyatlar, erishilayotgan natijalar atroflicha tahlil qilindi.

– Soliq qonunchiligi barqarorligi va soddalashtirilishini taʼminlash, soliq yuklamasini kamaytirish, respublikamizning investitsion jozibadorligini oshirish hamda soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish konsepsiyaning asosiy maqsadlari hisoblanadi, – deydi Davlat soliq qoʻmitasi bosh inspektori K.Saidov. – Shu bilan birga soliqqa tortish tizimini tubdan isloh etish, soliqlar va majburiy toʻlovlarni qisqartirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish koʻzda tutilgan. Soliq konsepsiyasi birinchi galda barcha biznes toifalari uchun soliq yukini kamaytirish va qulaylashtirish, shu asosida ishlab chiqarish va soliqqa tortiladigan bazani kengaytirishdan iborat.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiyotni rivojlantirish va modernizatsiya qilishni ragʻbatlantirish, xoʻjalik yuritish subyektlari uchun soliq yukini izchil kamaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan siyosat yuqori makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga erishishga xizmat qilmoqda.

– Bugungi tadbirda nafaqat oʻzimni qiziqtirgan, balki koʻpchilikni qiynab kelayotgan muammoli masalalarga mutaxassislar tomonidan toʻlaqonli javob oldim, – deydi tadbirkor O.Nishonov – Ayniqsa, qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va hisob-kitobini yuritish yuzasidan bergan maslahatlari faoliyatimizda asqotishi shubhasiz. Soliq va bojxona imtiyozlarini berilishi esa xoʻjalik yuritish subyektlari, ayniqsa, fermer xoʻjaliklari, boshqa qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari va toʻqimachilik sanoati korxonalari oʻrtasida bozor munosabatlarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Seminarda tadbirkorlik subyektlaridan tushgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi. Shuningdek, endilikda soliq xizmati organlari soliq toʻlovchilarning biznes hamkoriga aylanib borayotgani eʼtirof etildi.

Bahodir HAMIDOV,
Namangan viloyati Davlat soliq boshqarmasi
jamoatchilik bilan aloqalar va
huquqiy axborot shoʻbasi katta inspektori

4 460
O'zA