O‘zA O`zbek

15.08.2018 16:15 Chop etish versiyasi

Qo‘riqlash bo‘limi yangi binoda ish boshladi

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida Toshkent shahar Yakkasaroy tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi qo‘riqlash bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Uning ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda olib borilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va aholi xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, manfaatlarini himoya qilish borasida ta’sirchan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Qo‘riqlash bo‘limining yangi binosini “Kosonsoy qurilishinvest” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchilari qurdi. Majmuada shaxsiy tarkib uchun barcha sharoit yaratilgan. Yotoqxona, sport zal, ma’rifat va ovqatlanish xonalari zarur anjomlar, mebellar bilan jihozlandi.

– Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida yangi binoda ish boshlash bizga katta sovg‘a bo‘ldi, – deydi tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘i Rahim Namozov. – Bugungi kunda tumanimizdagi aholi xonadonlari, turli obyektlarni qo‘riqlash uchun 70 dan ortiq xodimlarimiz kecha-yu kunduz xizmatda. Davlatimiz tomonidan soha xodimlariga yaratilayotgan bu kabi qulayliklarning barchasi aholi xavfsizligini ta’minlash, mulkni ishonchli qo‘riqlashni tashkil etish, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda qo‘riqlash xizmati faoliyatida katta o‘zgarishlar amalga oshirilib, jamoat xavfsizligini ta’minlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy qilindi. Bozorlar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, mehmonxonalar, yo‘llar va boshqa jamoat joylariga o‘rnatilgan videokuzatuv uskunalari, zamonaviy signal uzatish kabi texnikalar jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Tadbirda vazirlik tomonidan qo‘riqlash bo‘limiga “Spark” avtomobili topshirildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
1 843